Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya tashrifi doirasida O‘zbekistonning AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi Furqat Siddiqov bilan uchrashdi.
Uchrashuv doirasida Vashington shahridagi elchixona binosida IT Parkning doimiy faoliyat yuritadigan shourumini ochildi.
Mazkur shourum orqali O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar sohasida erishilayotgan yutuqlar va IT sohasining ulkan salohiyati AQShdagi hamkorlarga muntazam taqdim etib boriladi. Shourum xorijiy investorlar, texnologik kompaniyalar va mutaxassislar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ularni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan raqamli islohotlar bilan tanishtirish uchun muhim maydon vazifasini bajaradi.
Tadbir davomida AQSh kompaniyalari bilan axborot texnologiyalari yo‘nalishida hamkorlikni kuchaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish, sarmoyalarni jalb qilish va IT Park rezidentlari bilan aloqalarni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Mazkur tashabbus ikki tomonlama innovatsion hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.
2025-04-17