Kengayib borayotgan alyans Markaziy Osiyoning global miqyosdagi yagona innovatsion mintaqa sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda. “Central Asian Innovation Hubs” alyansi mintaqaviy kengayishni davom ettirmoqda: Tojikiston platformaning yangi ishtirokchisiga aylandi. Ushbu qadam Markaziy Osiyoning o‘zaro bog‘langan, investitsiyaviy jozibador va global ahamiyatga ega innovatsion mintaqa sifatidagi salohiyatini kuchaytiradi.

Memorandum Yaponiyada bo‘lib o‘tgan birinchi “C5+1” sammiti doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov, “Astana Hub” bosh direktori Magjan Madiyev va “IT Park Dushanbe” bosh direktori Temur Hisamutdinov tomonidan imzolandi. Mintaqaviy innovatsion platformaga qo‘shilish natijasida Tojikiston startaplari xalqaro akseleratsiya dasturlari, global texnologik ko‘rgazmalar va alyans doirasida bozorlarga chiqish bo‘yicha tizimli qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlariga ega bo‘ladilar.

“Central Asian Innovation Hubs” tashabbusi “ICT Week Uzbekistan 2024” haftaligi davomida IT Park Uzbekistan va “Astana Hub” tomonidan ishga tushirilgan. Maqsad — mintaqani global miqyosda targ‘ib qilish hamda mahalliy startap ekotizimlari va yetakchi xalqaro texnologik bozorlar o‘rtasida amaliy aloqalar o‘rnatish. Alyans boshidanoq bayonotlarga emas, balki asoschilar va hamkorlar uchun aniq natijalarga e’tibor qaratuvchi amaliy platforma sifatida yaratilgan.

Qisqa vaqt ichida alyans sezilarli natijalarga erishdi. Markaziy Osiyodan 100 dan ortiq startap “Central Asian Innovation Hubs” doirasida to‘qqizta yirik xalqaro texnologik ko‘rgazmalarda, jumladan, “Web Summit Lisbon”, “TechCrunch Disrupt”, “GITEX Global”, “WAIC Shanghai”, “InMerge”, shuningdek, “London Tech Week” va “Eurasia Tech Week” tadbirlarida ishtirok etdi. Muvofiqlashtirilgan xalqaro ishtirok Markaziy Osiyolik startap asoschilarining tanilishini sezilarli darajada oshirdi va mintaqani yagona, rivojlanayotgan innovatsiyalar bozori sifatida namoyon etdi.

Ushbu faollik aniq investitsiyaviy natijalarga aylandi. Faqatgina “Central Asian Innovation Hubs” platformasi orqali taqdim etilgan O‘zbekiston startaplari 82 million dollardan ortiq mablag‘ jalb qildi, bunda 10 dan ortiq kompaniya alyans tomonidan tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmalar, pitch-sessiyalar va netvorking tadbirlari yakunlari bo‘yicha investitsiyalarni qo‘lga kiritdi.

2025-yilda alyans xalqaro bozorlarga tizimli chiqishga yo‘naltirilgan rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyodagi 30 dan ortiq startap Qozog‘iston va BAAdan tortib AQShgacha bo‘lgan asosiy yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini kengaytirmoqda. AQSh bozoriga kirish “Draper University” (Hero Training), “AlchemistX” va “Silicon Valley Residency” kabi yetakchi dasturlar orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa Markaziy Osiyolik asoschilarga global mentorlar, investorlar va birinchi mijozlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish imkonini berdi.

Yaqin Sharqda IT Park Uzbekistan va “Astana Hub”ning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan “GITEX Global Dubai” doirasida Markaziy Osiyo startaplarini MENA bozoriga chiqishda qo‘llab-quvvatlovchi “Tumar Innovation Hub” ishga tushirildi. Shu bilan bir qatorda, Dubayda “Digital Startups Scale Up” dasturi amalga oshirildi va uni Markaziy Osiyoning 10 ta startapi muvaffaqiyatli yakunladi. Bu esa mintaqaning muvofiqlashtirilgan xalqaro kengayishida muhim bosqich bo‘ldi.
Bundan tashqari, alyans Shanxayda o‘z faoliyatini kengaytirib, u yerda Markaziy Osiyo va Xitoyning innovatsion ekotizimlarini bog‘lovchi birinchi platforma — “Khan-Tengri Innovation Hub” ochildi. Birinchi akseleratsiya dasturi 2026-yilning boshiga rejalashtirilgan bo‘lib, unda ishtirok etish uchun Markaziy Osiyoning sakkizta startapi tanlab olingan.
Mintaqaviy integratsiya alyansning asosiy ustuvorligi bo‘lib qolmoqda. “Kazakhstan Market Entry Program” doirasida 10 ta O‘zbekiston startapi o‘z yechimlarini qozog‘istonlik hamkorlarga taqdim etdi, Qozog‘istonning 10 ta startapi esa “Digital Startup Awards” akseleratsiya yo‘nalishi doirasida O‘zbekiston bozoriga kirdi. Bu mintaqa ichida texnologiyalar, iste’dodlar va bozor imkoniyatlarining ikki tomonlama oqimini yaratdi.
Alyansning kengayishi haqida fikr bildirar ekan, IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov Tojikistonning qo‘shilishi “Central Asian Innovation Hubs” tashabbusining amaliy yondashuvini aks ettirishini ta’kidladi.
“Bizning tajribamiz shuni ko‘rsatadiki, ekotizimlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va birgalikda ishlash orqali biz mintaqa va startaplarimizni global hamjamiyatga tezroq va samaraliroq integratsiya qila olamiz. Yagona alyans tarkibida faoliyat yuritish bizni xalqaro miqyosda kuchliroq va sezilarliroq qiladi. IT Park Dushanbe’ni Central Asian Innovation Hubs’ga qo‘shish orqali biz ushbu sinalgan modelni Tojikiston startaplariga ham tatbiq etamiz va ularga mintaqada allaqachon mavjud bo‘lgan xalqaro imkoniyatlardan foydalanish yo‘lini ochamiz”, — deya ta’kidladi u.
“Tojikistonning Central Asian Innovation Hubs’ga qo‘shilishi kuchli va o‘zaro bog‘liq mintaqaviy ekotizimni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Sa’y-harakatlarni birlashtirgan holda, Markaziy Osiyo startaplari xalqaro bozorlarga yanada samaraliroq kirib borish imkoniga ega bo‘ladilar. Ishonchimiz komilki, Tojikiston bilan yaqin hamkorlik innovatsion texnologiyalar rivojini tezlashtiradi va qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilishga yordam berib, mintaqaning global maydondagi raqobatbardoshligini mustahkamlaydi”, — dedi “Astana Hub” bosh direktori Magjan Madiyev.
Tojikistonning a’zo bo‘lishi alyansning mintaqaviy salohiyatini mustahkamlashdagi navbatdagi qadam bo‘lib, umumiy strategiyani tasdiqlaydi — ekotizimlar aynan hamkorlik orqali tezroq va barqarorroq kengayadi.
“Ushbu memorandum O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston IT-parklari o‘rtasida IT-sektorni rivojlantirish uchun asos yaratadi, shuningdek, axborot texnologiyalari, innovatsiyalar va raqamli iqtisodiyot sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi”, — deb ta’kidladi “IT Park Dushanbe” direktori Temur Hisamutdinov.
“Central Asian Innovation Hubs” kengayishda davom etar ekan, uning uzoq muddatli maqsadi aniq: Markaziy Osiyo startaplariga investitsiya jalb qilish, xalqaro bozorlarga chiqish va global miqyosda raqobatlashish imkonini beruvchi barqaror transchegaraviy innovatsion platformani shakllantirish. Bu esa alohida milliy ekotizimlar sifatida emas, balki salmoqli ko‘lam, obro‘ va global ambitsiyalarga ega yagona mintaqa sifatida amalga oshiriladi.
2025-12-21