Dunyo nima uchun o‘zbek muhandislari bilan ishlashga tayyor: Truss kompaniyasi va Zero Risk dasturi misolida

Truss — O‘zbekistonning kuchli muhandislik jamoalari global texnologiyalar bozorini qanday o‘zgartira olishini yaqqol ko‘rsatib berayotgan kompaniyalardan biri. Bugungi kunda u IT Park Uzbekistan’ning eng tez rivojlanayotgan rezidentlaridan biri bo‘lib, AQSh va Yevropa kompaniyalari bilan hamkorlik qilmoqda hamda “Employer of Record” modeli orqali xalqaro ishga qabul qilish infratuzilmasini yaratmoqda.

“Truss” kompaniyasining hammuassisi Qodir Fuzaylov IT Park’ga kompaniya mintaqa salohiyatini qanday qilib raqobatbardosh ustunlikka aylantirgani va nega O‘zbekiston ularning global strategiyasidagi asosiy o‘sish nuqtasiga aylanganini so‘zlab berdi.

Truss” muvaffaqiyatining asosi — mahalliy iste’dodlarga bo‘lgan uzoq muddatli ishonch, IT Park tomonidan ko‘rsatilayotgan tizimli qo‘llab-quvvatlash va Markaziy Osiyo mutaxassislari uchun yangi karyera imkoniyatlarini yaratish istagidir. Kompaniya nafaqat IT-xizmatlar eksportini kengaytirmoqda, balki xorijiy ish beruvchilarga O‘zbekiston bozoriga hech qanday xavf-xatarsiz kirish imkonini berib, mintaqaga bo‘lgan xalqaro ishonchning yangi darajasini shakllantirmoqda.

Barchasi qanday boshlangan

Truss tarixi kompaniyaning tashkil etilishidan ancha oldin boshlangan. 2000-yillarning boshida Lincoln Labsning bo‘lajak bosh direktori Erik Xupman global iste’dodlar bozorini o‘rganishni boshladi. U O‘zbekistonga potensial muhandislik kadrlari manbai sifatida birinchilardan bo‘lib e’tibor qaratgan Amerika texnologiya sanoatining vakillaridan biri edi.

Aynan o‘sha paytda Erik O‘zbekistonlik iqtidorli muhandis Farrux Umarov bilan tanishdi. Ular hamkorlikda ishlashni boshladilar va tez orada Farrux Erikning Oshkosh (Viskonsin shtati) shahridagi DealerFire dasturiy ta’minot kompaniyasida asosiy texnik yetakchilardan biriga aylandi. DealerFire tez sur’atlar bilan o‘sdi — bu muvaffaqiyatning markazida O‘zbekistondan kelgan 10–15 nafar kuchli muhandislar jamoasi turardi. Ular birgalikda mukofotlarga sazovor bo‘lgan dasturiy ta’minotni yaratdilar, biznesni kengaytirdilar va natijada kompaniya DealerSocket tomonidan muvaffaqiyatli xarid qilindi.

DealerFire tajribasi asoschilarga o‘zbekistonlik muhandislarning ulkan salohiyatini — ularning professionalligi, fidoyiligi va jahon darajasidagi mahsulotlar yaratish qobiliyatini ko‘rsatdi. 2020-yilda kompaniya sotilganidan so‘ng, Erik va Farrux Lincoln Labs kompaniyasini tashkil etishdi va yangi avlod mutaxassislariga xalqaro kompaniyalar bilan ishlash imkonini berish orqali muvaffaqiyatli modelni kengaytirishga qaror qildilar.

Shu tariqa, O‘zbekistonlik dasturchilar, keyinchalik esa butun mintaqa mutaxassislarini AQShdagi startaplar va texnologik korporatsiyalari bilan bog‘lash uchun yaratilgan Truss kompaniyasi paydo bo‘ldi. DealerFire tarixida ishtirok etgan Juliya va men ham ushbu missiyaga qo‘shildik. Birgalikda biz muhandislar uchun global imkoniyatlar ochadigan va mintaqaning eksport salohiyatini mustahkamlovchi platformani yaratdik,” deydi Qodir Fuzaylov.

Nega aynan O‘zbekiston tanlandi?

Truss uchun O‘zbekiston tabiiy tanlov bo‘ldi, chunki mahalliy mutaxassislar bilan ko‘p yillik tajriba ularning chuqur texnik tayyorgarligi, ishtiyoqi, sadoqati va uzoq muddatli hamkorlikka tayyorligini ko‘rsatdi. Mamlakatda shakllanib borayotgan texnologik ekotizim hamda kuchli mehnat madaniyati asoschilarga o‘zbek muhandislari an’anaviy global autsorsing markazlaridagi kadrlar bilan teng raqobatlasha olishiga ishonch bag‘ishladi.

Jizzaxning tanlanishiga esa texnologik biznesni barpo etish uchun qulay sharoitlar sabab bo‘ldi. Bu yerda ofis ochish IT Park rezidentlik dasturidan foydalanish imkonini berdi ma’muriy jarayonlarni soddalashtirdi va hududda o‘sib borayotgan IT-hamjamiyati rivojiga hissa qo‘shish imkonini yaratdi. Jizzax viloyatida ro‘yxatdan o‘tish Trussga kam xarajat bilan ish boshlash, tez rivojlanish va global texnologiya bozorida o‘z o‘rnini kengaytirishga intilayotgan mintaqaning bir qismiga aylanish imkonini berdi.

Zero Risk dasturi va uning ta’siri

Biz Zero Risk dasturi haqida 2024-yil yozida, O‘zbekistonga tashrif chog‘ida IT Park jamoasi bilan uchrashganimizda bilib oldik. O‘sha paytda Truss faol kengayish bosqichida edi va taklif etilgan qo‘llab-quvvatlash kompaniyaga operatsion yuklamani kamaytirish hamda o‘sish, xodimlarni yollash va xizmat sifatini oshirishga e’tibor qaratish imkonini beruvchi o‘z vaqtida taqdim etilgan vositaga aylandi. Ro‘yxatdan o‘tishni Jizzax viloyatiga ko‘chirish esa mantiqiy qadam va IT Park bilan barqaror hamkorlikning boshlanishi bo‘ldi, deya ta’kidladi Qodir Fuzaylov.

Truss uchun Zero Risk dasturining ikki afzalligi alohida ahamiyatga ega edi:

  1. Xodimlarni yollash xarajatlarining 500 dollargacha qismini qoplash. Bu imkoniyat kompaniyaga yangi mutaxassislarni ishga olish jarayonida yuzaga keladigan tabiiy operatsion xarajatlarning bir qismini qoplashga yordam beradi. O‘sib borayotgan startap uchun nisbatan kichik moliyaviy yordam ham kengayish va qayta investitsiya qilish uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratadi. 
  1. O‘zbekistonlik xodimlar uchun ish haqi fondining 15 foizigacha kompensatsiya. Bu imtiyoz oylik xarajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi va ko‘proq xodimlarni yollash, shuningdek, sifatga sarmoya kiritish va tezroq rivojlanish imkonini beradi. 

Zero Risk dasturi Truss uchun shunchaki moliyaviy yordam emas, balki kompaniya kengayishini tezlashtirgan va xalqaro hamkorlarning mintaqaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlagan mexanizmga aylandi. Kuchli muhandislar va IT Park ko‘magi bilan birgalikda u o‘sish uchun aniq va prognoz qilinadigan sharoitlar yaratdi hamda kompaniyaga eng muhim vazifaga — global ishga yollashning barqaror modelini qurishga e’tibor qaratish imkonini berdi.

Natijalar va bozorga ta’sir

“Bizning O‘zbekistondagi eng katta yutuqlarimizdan biri jalb qiingan iste’dodlar ko‘lamidir. Hozirda bizda 150 dan ortiq mutaxassis rasman ishga qabul qilingan, mijozlar bazamiz esa Infinity, Sunrun, Businessolver, FreightPop kabi kompaniyalarni o‘z ichiga olgan holda 20 ta faol xalqaro mijozga yetdi. Shuningdek, biz kuchli kadrlar zaxirasini shakllantirdik bugungi kunda platformamizda 10 000 dan ziyod nomzod ro‘yxatdan o‘tgan. Bu ham bozorning bizga bo‘lgan ishonchi, ham mahalliy mutaxassislarning xalqaro ish beruvchilar bilan ishlashga bo‘lgan yuqori qiziqishini ko‘rsatadi deya ta’kidladi Qodir Fuzaylov. 

Zero Risk dasturiga qo‘shilganidan beri Truss kompaniyasining mijozlar bazasi taxminan 40 foizga o‘sdi. Dastur taqdim etayotgan qo‘llab-quvvatlash va barqarorlik kompaniyaga faoliyatini ishonch bilan kengaytirishga yordam berdi hamda yangi xorijiy kompaniyalar uchun hamkorlikni ancha osonlashtirdi. Bugungi kunda Truss O‘zbekistonda mutaxassis yollayotgan amerikalik kompaniyalar uchun yetakchi hamkorlardan biri hisoblanadi. So‘nggi paytlarda kompaniya yevropalik ish beruvchilar tomonidan ham yollash bo‘yicha murojaatlar tez-tez qabul qilmoqda.

Truss O‘zbekistonning IT va HR-xizmatlari eksport salohiyatini kengaytirishda muhim rol o‘ynamoqda. Mahalliy mutaxassislarni AQSh va Yevropa kompaniyalari bilan bog‘lash orqali kompaniya xalqaro bandlik imkoniyatlarini ochib bermoqda bunday miqyos ilgari mavjud bo‘lmagan.

Bizning model xorijiy kompaniyalarga O‘zbekistonda mutaxassislarni hech qanday xavf-xatarsiz yollash imkonini beradi, bu esa ularning bozorga kirishini rag‘batlantiradi va mamlakatda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi,” dedi Qodir Fuzaylov.

O‘zbekistonlik mutaxassislarning xalqaro kompaniyalarga bo‘lgan qiziqishi shiddat bilan ortib bormoqda ko‘pchilik xalqaro tajriba, raqobatbardosh maosh va kuchli kasbiy rivojlanish imkoniyatlariga ega bo‘lish uchun Amerika va Yevropa ish beruvchilari bilan ishlashni istaydi. Shu bilan birga, xorijiy kompaniyalarning ham o‘zbek iste’dodlariga qiziqishi tobora kuchaymoqda. So‘nggi ikki yil bir haqiqatni isbotladi: mintaqada kuchli kadrlar bor va dunyo ular bilan ishlashga tayyor.

Jizzax viloyatida ro‘yxatdan o‘tishimiz orqali biz hududning taniqligini oshiryapmiz, investitsiyalarni jalb qilyapmiz va yangi ish o‘rinlarini yaratyapmiz. Biz bilan ishlayotgan xorijiy kompaniyalar Jizzax haqida aynan bizning ishtirokimiz orqali bilib oladi va ko‘pchiligi keyinchalik hududni chuqurroq o‘rganishni boshlaydi. Bu zanjirli ta’sir yaratadi: ko‘proq kompaniyalar qiziqish bildiradi, ko‘proq mutaxassislar ish topadi va mintaqaning IT sektori tezroq rivojlanadi.

Rezident sifatida biz IT Parkning xorijiy kompaniyalar uchun tobora faol, qo‘llab-quvvatlovchi va jozibador bo‘lib borayotganini ko‘ryapmiz. IT Park doimiy ravishda biznes muhitini yaxshilash, jarayonlarni soddalashtirish, O‘zbekistonni xalqaro maydonda targ‘ib qilish va Zero Risk kabi dasturlarni ishga tushirish orqali xorijiy o‘yinchilar uchun to‘siqlarni sezilarli darajada kamaytirmoqda. Bularning barchasi mamlakatning global texnologik autsorsing va masofaviy ishga yollash bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi,” deya izoh berdi Qodir Fuzaylov.   

Truss Global qanday ishlaydi

Dastlab Truss klassik autsorsing modeli asosida ishlagan, biroq tez orada bu modelni keng miqyosda qo‘llash qiyin ekani ayon bo‘ldi: Amerika kompaniyalari loyihalarni tayyor holda topshirishdan ko‘ra, kuchli dasturchilarni bevosita yollash va ularni o‘z jamoalariga qo‘shishni tobora ko‘proq afzal ko‘ra boshladi. Shu sabab kompaniya Employer of Record (EOR) modeliga o‘tdi, bu esa mijozlarga yuridik shaxs ochmasdan, kadrlar va soliq majburiyatlarini o‘z zimmalariga olmasdan hamda mahalliy qonun-qoidalarga chuqur kirmay turib, mutaxassislarni yollash imkonini berdi. Truss xalqaro ishga qabul qilishning shaffof, xavfsiz va qulay shaklini ta’minlab, yuridik, HR va komplayens jarayonlarini to‘liq qamrab oladi.

Global miqyosda EOR modeliga bo‘lgan talabning o‘sishi kompaniyalarning butun dunyo bo‘ylab mutaxassislarni yollashga intilishi, ammo xorijda ofis ochish va mahalliy qonunchilikni o‘rganishni xohlamasligi bilan izohlanadi. O‘zbekistonda esa, ayniqsa, kadrlar zaxirasi keng va xilma-xil bo‘lgani uchun bu xizmatga talab juda yuqori. AQShlik mijozlar orasida eng talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar:

  • Frontend-dasturchilar, ayniqsa React bo‘yicha mutaxassislar;
  • Python-dasturchilar — doimo eng ko‘p talab qilinadiganlardan biri;
  • Full-stack dasturchilar, ko‘pincha Node.js tajribasiga ega;
  • Backend-dasturchilar (Java) bu yo‘nalishga talab barqaror o‘sib bormoqda.

Truss O‘zbekiston, Gruziya va Qozog‘iston bozorlariga qiziqishning tez sur’atlar bilan o‘sayotganini ko‘rmoqda va ayniqsa sun’iy intellekt sohasidagi yangi talab to‘lqiniga tayyorlanmoqda. Kuchli muhandislik jamoalarini shakllantirish va sun’iy intellekt bo‘yicha kompetensiyalarni rivojlantirish kompaniyaning uzoq muddatli strategiyasining muhim qismiga aylanmoqda.

Global bozorlarga chiqish haqida

Hozirda Truss O‘zbekiston, Gruziya va Qozog‘istonda faoliyat yuritmoqda. Biz ushbu bozorlarni tanladik, bu mamlakatlar xalqaro kompaniyalar bilan ishlashga tayyor bo‘lgan, kuchli va yuqori motivatsiyaga ega dasturchilarni muntazam ravishda tayyorlamoqda. Ushbu dasturchilar rivojlanayotgan Amerika kompaniyalari kengayishda dastlab e’tibor qaratmaydigan mamlakatlarda yashaydilar. Buning sababibu mamlakatlarning bozorlari yetarlicha tanilmagan, bu esa Microsoft, Meta, Google kabi yirik o‘yinchilar faol ishtirok etayotgan an’anaviy bozorlarga nisbatan ustunlik yaratadi, chunki ular ish haqlarini ko‘tarib yuborishlari mumkin, deya ta’kidladi Qodir Fuzaylov.   

Bu mamlakatlarda zamonaviy ta’lim dasturlari va ingliz tilini yuqori darajada bilish bilan tavsiflanadigan dinamik IT-ekotizimi shakllangan bo‘lib, bu mutaxassislarni global bozorda raqobatbardosh qiladi. Ular orasida aynan O‘zbekiston eng muvaffaqiyatli misolga aylandi: mahalliy IT-sektor jadal sur’atlarda rivojlanmoqda, IT Park tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash esa texnologik biznes uchun qulay sharoitlar yaratmoqda.

Ishonch ortib borgan sari, ko‘plab mijozlar O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochmoqda, bu esa mahalliy IT-sanoatni bevosita mustahkamlaydi. Natijada, mintaqa tobora ko‘proq xalqaro kompaniyalarni jalb qilmoqda, “Truss esa IT Park bilan hamkorlikda uning global texnologiya bozoridagi o‘rnini barqaror kengaytirishga ko‘maklashmoqda.

Kelajakdagi rejalar

Xodim yollashning kelajagi bir nechta global tendensiyalar ta’sirida shakllanmoqda va ular Truss strategiyasiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda:

  1. Sun’iy intellekt asosidagi rekrtuing va avtomatlashtirish. Kompaniyalarga tezkor va aniq ishga qabul qilish yechimlari zarur. Sun’iy intellekt saralash, moslashtirish (matching) va vakansiyalarni yopish muddatini qisqartirishda asosiy vositaga aylanadi. 
  1. Rivojlanayotgan bozorlarga yo‘nalish. An’anaviy bozorlar to‘yinib, qimmatlashib borgani sari, kompaniyalar Markaziy Osiyo kabi sodiqlik, maqbul narxlar va yuqori sifat uyg‘unlashgan mintaqalarga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda. 
  1. Masofaviy ish. Dunyo uzoq muddatli masofaviy formatga o‘tmoqda. Kompaniyalar geografik chegaralarni to‘siq sifatida ko‘rmay qo‘ydi bu esa EOR modeliga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda. 
  1. Iste’dodlarni erta rivojlantirish yo‘llari. Biznesga yosh, tez o‘sayotgan mutaxassislar kerak. Bu tendensiya bizning O‘zbekiston, Gruziya va Qozog‘istondagi universitetlar va texnologiya akademiyalari bilan hamkorligimizga to‘liq mos keladi. 

Truss sun’iy intellekt va mintaqaviy kengayishga alohida e’tibor qaratgan holda ushbu o‘zgarishlarga tayyorlanmoqda.

Keyingi ikki yil ichida bizning asosiy maqsadimiz Markaziy Osiyoda rekruting xizmatlari va Employer of Record bo‘yicha birinchi raqamli provayderga aylanish. Biz, ushbu mintaqaga qiziqayotgan har qanday xalqaro kompaniya Truss haqida ma’lumotga ega bo‘lishi va bizni barcha yo‘nalishdagi mutaxassislarni ishonchli va tezkor tarzda yollay oladigan yetakchi hamkor sifatida ko‘rishini istaymiz. 

Bu maqsadga erishish uchun biz mintaqadagi eng yirik dasturchilar bazasini yaratmoqdamiz hamda universitetlar, akademiyalar va o‘quv markazlari bilan hamkorlikni kuchaytirmoqdamiz. Bu bizga ham yetakchi senior-mutaxassislarni, ham istiqbolli bitiruvchilarni ishga olish imkonini beradi.

Yana bir muhim yo‘nalish sun’iy intellektni joriy etish. Ishga qabul qilish muddatini (time-to-hire) sezilarli darajada qisqartirish uchun sun’iy intellektni platformamizga integratsiya qilishni rejalashtirganmiz. Maqsadimiz oddiy: kompaniyalarga xodimlarni haftalar emas, balki bir necha kun ichida yollash imkoniyatini berish deya ta’kidladi Qodir Fuzaylov. 

Aynan mintaqaviy yetakchilik va texnologik innovatsiyalar uyg‘unligi Truss” kompaniyasining kelgusi ikki yilga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasining asosini tashkil etadi.

O‘zbekiston IT-autsorsing va masofaviy kadrlarni yollash bo‘yicha yetakchi global bozorlardan biriga aylanish salohiyatiga ega. Bu rivojlanayotgan bozor qator ustunliklarga ega:

  1. malakali IT-mutaxassislar soni jadal o‘sib bormoqda;
  1. yangi akademiyalar va ta’lim dasturlari paydo bo‘lmoqda;
  1. yoshlar xalqaro kompaniyalarda ishlashga yuqori motivatsiyaga ega;
  1. davlat texnologik sektorni faol qo‘llab-quvvatlamoqda;
  1. kadrlar bopzori sodiqlik va uzoq muddatli bandlikni qadrlaydi.

Buning natijasida O‘zbekiston global texnologiya bozorida kamdan-kam uchraydigan yutuqni taklif etadi: yuqori malakali, ish haqi bo‘yicha oqilona kutilmalarga ega bo‘lgan g‘ayratli mutaxassislar.

"Biz buni Trussda har kuni ko‘ramiz. AQSh kompaniyalari, shuningdek so‘nggi vaqtlarda yevropalik ish beruvchilar ham mutaxassislarimizni yollashga tobora ko‘proq qiziqish bildirmoqda. Universitetlar bilan hamkorlik va katta nomzodlar bazasi tufayli, biz kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekiston masofaviy yollash bo‘yicha yirik markazga aylanishi mumkinligiga ishonamiz, deya ta’kidladi Qodir Fuzaylov. 

Truss misoli IT Park Uzbekistan xalqaro texnologik biznes uchun barqaror ekotizimni shakllantirishda qanday rol o‘ynayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Zero Risk kabi qo‘llab-quvvatlash dasturlari, mintaqaviy IT-klasterlarni rivojlantirish va xorijiy kompaniyalar bilan tizimli hamkorlik orqali IT Park O‘zbekiston bozoriga kirish uchun barqaror va raqobatbardosh sharoitlarni yaratmoqda. Bu nafaqat mamlakatning eksport salohiyatini oshirishga hissa qo‘shadi, balki global hamkorlarning ishonchini mustahkamlab, O‘zbekistonni jahon texnologik va kadrlar bozoridagi eng muhim o‘sish nuqtalaridan biriga aylantiradi.

2025-12-17