Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Vodildagi “Qabullar uyi”da Xitoyning Pekin shahridagi Shuni rayoni rasmiylari va ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, iqtisodiy, sanoat, investitsiyaviy va axborot texnologiyalari sohalaridagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yanada mustahkamlanib, yangi bosqichga ko‘tarilganligi qayd etildi, hududlararo aloqalar yanada faollashayotgani, birgalikda ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatining iqtisodiy-investitsion salohiyati, hududlarda yaratilayotgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, Farg‘ona viloyati hamda Shuni rayoni bilan ko‘plab sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi. Xususan, avtomobilsozlik, elektrotexnika, sanoat, IT, turizm kabi yo‘nalishlardagi imkoniyatlar ikki hududni bog‘lash hamda calohiyatli kompaniyalarni jalb etgan holda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda muhim omil bo‘lishi ta’kidlandi.
Viloyat rahbari barcha takliflarni qo‘llab-quvvatlashini, ilg‘or tajriba hamda texnologiyalar, loyihalar ikki hudud hamkorligida katta samara berishligini aytib o‘tdi.
Uchrashuvda bildirilgan takliflar asosida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish, ikki hududning ishchi guruhlarini tuzish hamda hamkorlikni kengaytirish borasida chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, uchrashuv yakunida Shuni rayoni Mapo shaharchasi xalq hukumati bilan viloyatdagi IT Park rezidenti “Innotech Solutions” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotdan foydalanish borasida 20 mln dollarlik shartnomalar imzolandi.
2025-06-04