Fransiyaning Esokia kompaniyasi Jizzax shahrida ofis ochish niyatida

25-oktabr kuni IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov Fransiyaning “Esokia” va “Bocasay” kompaniyalari rahbarlari Mishel Pierre Philippe Demarie va Julien Nikolas Philippe Gourmet bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda “Zero Risk” dasturi, Jizzax shahrida kompaniya ofisini ochish va IT Park rezidenti boʻlish imkoniyatlari muhokama qilindi.

“Esokia” kompaniyasi rahbari Jizzaxga ham tashrif buyurib, shahar infratuzilmasi bilan tanishdi, IT Park Jizzax vakillari va viloyat hokimi bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Kompaniya IT Park rezidenti maqomini olish uchun ariza topshirishni va Jizzax shahrida ofis ochishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, ular mahalliy mutaxassislarni jalb qilish niyatida, bu esa hamkorlikning birinchi yilida 50 dan ortiq ish oʻrinlarini yaratishga imkon beradi.

“Esokia” kompaniyasi 2009-yilda tashkil etilgan. Bu Fransiya, Mavrikiy va Madagaskarda joylashgan 100 dan ortiq xodimga ega IT-autsorsing kompaniyasi.

“Bocasay” kompaniyasi 2013-yilda IT-autsorsing kompaniyasi sifatida tashkil etilgan boʻlib, 150 nafar xodimga ega. Ofislar Fransiya, Mavrikiy, Madagaskar va Vetnamda joylashgan.

“Esokia” va “Bocasay” kompaniyalari 14 mamlakatda 1200 nafar xodimlarga ega “MALTEM” kompaniyalar guruhi tarkibiga kiradi.

2023-10-27