IT Park bosh direktori Xorazm viloyatidagi rezidentlar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi

IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov infratuzilma bilan tanishish va mahalliy rezidentlar bilan uchrashish maqsadida Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, ular bilan IT va BPO-xizmatlari eksportini oshirish, viloyatga xorijiy autsorsing kompaniyalarini jalb etish rejalarini muhokama qildi.

Muzokaralarda mamlakatimiz inson kapitalini rivojlantirish va kadrlar tayyorlash dasturini kuchaytirish masalalari koʻrib chiqildi – xorijiy sheriklarning Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilish va mamlakatimizdan IT va biznes jarayonlari autsorsingini yoʻlga qoʻyishga ulkan qiziqish bildirayotganini hisobga oladigan boʻlsak, malakali mutaxassislar mamlakatimiz eksport salohiyatining asosiy poydevori hisoblanadi.

Bu borada taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda viloyatdagi mutaxassislar sonini faol koʻpaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Birgalikda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar xorijda taqdim etilayotgan IT va BPO-xizmatlari hajmini oshirishga, shuningdek, ishsizlik darajasini kamaytirish va iqtisodiyotning raqamli sektori ulushini sezilarli darajada oshirishga yordam beradi.

Kadrlar tayyorlash samaradorligini nazorat qilish maqsadida Farhod Ibragimov viloyatdagi IT-oʻquv markazlariga tashrif buyurdi va eksportga yoʻnaltirilgan korxonalarda kelgusida ishga joylashtirish uchun mutaxassislar tayyorlash jarayoni bilan tanishdi.

Tashrif doirasida Farhod Ibragimov “Najot Taʼlim”ning Xorazm viloyatidagi yangi filialining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi. 1200 kvadrat metr maydonni egallagan oʻquv markazi zamonaviy IT va raqamli kasblarni egallash va mamlakat IT-ekotizimining bir qismiga aylanish istagida boʻlgan barcha uchun oʻz eshiklarini ochdi. “Najot Taʼlim” mashhur dasturlash steklari, shuningdek, marketing va dizayn sohalari boʻyicha mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan.

Xorazmdagi filial 1000 nafardan ortiq talabani oʻziga sigʻdira oladi va ular tez orada mamlakatning yirik kadrlar zaxirasini toʻldirib, Oʻzbekistonning IT-eksportiga oʻz hissalarini qoʻshishlari mumkin. Koʻrsatkichlarga koʻra, bitiruvchilarning 95 foizi oʻqishni tugatgandan soʻng darhol ishga joylashadilar va ularning yarmidan koʻpi xorijiy kompaniyalarda autsorsing xizmatlarini koʻrsatishadi. Yangi filialning boʻlajak talabalari uchun motivatsiya sifatida IT Park bosh direktori “Najot Taʼlim”ga 5 ta noutbuk sertifikatini topshirdi, kurslarni muvaffaqiyatli tamomlab, ITES-kompaniyalarga ishga joylashgan dastlabki 5 nafar bitiruvchi esa ularning baxtli egalariga aylanishadi.

Bundan tashqari, Farhod Ibragimov Xorazm viloyatida IT sohasini ommalashtirishga qaratilgan va bir vaqtning oʻzida 350 nafardan ortiq talabalarga dasturlash va ingliz tilini oʻrgatishga qodir boʻlgan “Practicum Academy” oʻquv markaziga tashrif buyurdi.

“Practicum Academy” rahbari Umidjon Jumaniyozov Farhod Ibragimovga oʻz oldiga qoʻygan maqsadlariga erishish uchun akademiya xorijiy kompaniyalarda talab yuqori boʻlgan hamda xalqaro standartlarga javob beruvchi rivojlanayotgan ekotizimni barpo etayotganliklari haqida gapirib berdi. Markaz birinchi marta fevral oyida ochilgan boʻlib, ayni paytda 50 nafardan ortiq talaba “Practicum Academy”da tahsil olmoqda.

Tashrif yakunida Farhod Ibragimov 6-17 yoshli bolalar va oʻsmirlar uchun chet tillari va axborot texnologiyalariga urgʻu bergan holda oʻrta taʼlim berishga ixtisoslashgan xususiy “Data” Xalqaro maktabi asoschisi va direktori Shahzod Sobirov bilan uchrashuv oʻtkazdi. Maktab vakillari tomonidan IT Park bosh direktori uchun maktab binosi boʻylab ekskursiya uyushtirildi va bu yerda yangi oʻquv yili boshlanishidan avval soʻnggi ishlar yakunlanmoqda.

Shahzod Sobirovning aytishicha, “Data” maktabi oʻqish yakuniga kelib raqobatbardosh bilim va koʻnikmalarni egallaydigan oʻqimishli, ijodiy fikrlovchi avlodni tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan. Maktab bir vaqtning oʻzida 400 nafargacha oʻquvchini qabul qila oladi va joriy yilning sentyabr oyida ochiladi.

2024-05-13