IT Parkʼda kurslarni tamomlagan “Hududgazta’minot” xodimlariga sertifikatlar topshirildi

10-oktabrdan 25-noyabrgacha IT Park Toshkent filialida “Hududgazta’minot” AJ xodimlarini “Google Project Management” bo‘yicha xalqaro IT sertifikatiga tayyorlash uchun maxsus o‘quv kurslari o‘tkazildi.

Kurslar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 31-avgustdagi “Axborot texnologiyalari va kompyuter dasturlash sohasida yosh mutaxassislarni rag‘batlantirish boʻyicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Darslar gibrid – onlayn va oflayn tarzda oʻtkazildi. Dastur doirasida jami 14 kishi tahsil oldi.

Kurs ishtirokchilari loyiha menejeri sifatida muvaffaqiyatga erishish uchun zarur bo‘lgan amaliyot va ko‘nikmalar haqida to‘liq maʼlumotga ega bo‘ldilar, shuningdek, samarali loyiha hujjatlarini qanday yaratishni o‘rgandilar.

Bundan tashqari, talabalarga Scrum tadbirlarini amalga oshirish, Scrum artefaktlarini yaratish va Scrum rollarini tushunishga eʼtibor qaratib, tezkor loyihalarni boshqarish asoslari haqida soʻzlab berildi.

O‘quv kurslarini tamomlagandan so‘ng, xodimlar ilg‘or bilim, amaliy tajriba, shuningdek, xalqaro IT-sertifikatlarga ega bo‘ldilar.

 

2022-12-05