IT Park delegatsiyasi Singapurda boʻlib oʻtgan SSOW Asia 2023 konferensiyasida Oʻzbekistonni taqdim qildi

17-20 oktabr kunlari Singapurda 26- “Asian Shared Services & Outsourcing Week” (SSOW) konferensiyasi boʻlib oʻtdi, unda 50 dan ortiq IT-kompaniyalarning 150 dan ortiq delegatlar, jumladan, IT Park delegatsiyasi ishtirok etdi.

“SSOW Asia” konferensiyasi har yili SSON tomonidan Singapurda tashkil etiladi. Bu umumiy xizmatlar, GBS (Global Business Services) va autsorsing sohasidagi mutaxassislar uchun Osiyo mintaqasidagi eng yirik tadbirdir.

SSON (Shared Services & Outsourcing Network) dunyodagi eng katta va eng nufuzli hamkorlikdagi xizmatlar koʻrsatish va autsorsing hamjamiyati boʻlib, 120 000 dan ortiq aʼzoga ega.

Konferensiya ishtirokchilari Oʻzbekistonda raqamli transformatsiya, jumladan, IT-infratuzilma boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar bilan tanishdi. Shuningdek, IT Parkʼning IT-autsorsingni rivojlantirish, IT-kompaniyalar va startaplarni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi asosiy loyihalari va imkoniyatlari taqdim etildi.

Ishtirokchilarga eksportga yoʻnaltirilgan IT-kompaniyalar uchun moʻljallangan “One Stop Shop” va “Zero Risk” kabi imtiyozlar, afzalliklar va qoʻllab-quvvatlash dasturlari haqida maʼlumotlar berildi.

IT Park vakillari “Tata Consultancy Services”, “NCS”, “Ingram Micro”, “Singapore Cooperation Enterprise”, “SSON Analytics”, “NEXUS FrontierTech” va boshqa yirik IT-kompaniya va tashkilotlar vakillari bilan B2B uchrashuvlar oʻtkazishdi.

“Tata Consultancy Services” (TCS) kompaniyasining Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi (APAC) kadrlar boʻlimi boshligʻi Vasudevan Rajagopalan va mintaqadagi kommunikatsiyalar boʻyicha direktori Manish Prabhu bilan uchrashuvda IT Park haqida taqdimot oʻtkazildi va eksport bilan shugʻullanuvchi korxonalar uchun imtiyozlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Asosiy eʼtibor kompaniyaning BPO uchun til va malaka talablariga javob beradigan oʻzbekistonlik nomzodlarning salohiyatiga qaratildi va IT Park rezidenti boʻlib, Oʻzbekiston hududlarida ofis ochish taklif qilindi.

TCS — Hindistonning IT va konsalting boʻyicha koʻp millatli kompaniyasi boʻlib, bosh qarorgohi Mumbayda joylashgan. U “Tata Group” tarkibiga kiradi va 46 mamlakatda ofislariga ega boʻlib, butun dunyo boʻylab mijozlarga xizmat koʻrsatadi. TCS kompaniyasi 600 000 dan ortiq xodimga ega. 2022-yilda kompaniyaning daromadi $23 milliardni tashkil etdi.

Shuningdek, IT Park delegatsiyasi “NCS” va “Singapore Cooperation Enterprise” kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuv yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonda MENA (Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika) mintaqasiga xizmat koʻrsatadigan “Delivery Office” ni ochish imkoniyatlari muhokama qilindi. Kompaniya vakillari ushbu tashabbusni kelgusida muhokama qilish uchun 2024-yilning bahorida Oʻzbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

“Ingram Micro” kompaniyasining raqamli transformatsiya boʻlimi rahbari Kanishka Kumar Sinha IT Park bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi. Kompaniya 2024-yil bahorida Oʻzbekistonga tashrif buyurib, Oʻzbekiston bozori salohiyatini hamda ingliz va nemis tillarini biladigan IT-mutaxassislarini baholashni rejalashtirmoqda.

Ingram Micro — Amerikaning axborot texnologiyalari mahsulotlari va xizmatlar distribyutori. Kompaniya Kaliforniya shtatining Irvayn shahrida joylashgan boʻlib, butun dunyo boʻylab faoliyat olib boradi. 2021-yildagi daromad $54,5 milliardni tashkil etdi.

Shuningdek, Oʻzbekistonning IT-kompaniyalar uchun afzalliklari haqida soʻz yurituvchi vebinar va podkastlar oʻtkazish, IT-mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha oʻquv markazi ochish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Keyinchalik IT Park vakillari “SSON Analytics” kompaniyasining bosh tadqiqotchi tahlilchisi Syazana Lim bilan uchrashdi. Tomonlar SSON hamkorlari hisoblangan BPO kompaniyalari taklif qilinadigan sammitni tashkil etish uchun IT Park va SSON oʻrtasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Uchrashuv yakunlari boʻyicha IT Park Oʻzbekistondagi BPO boʻyicha maʼlumotlarni “SSON Analytics” platformasida taqdim etishi va yangilanishiga kelishib olindi.

Keyingi navbatda delegatsiya “SingleStore”, “Spaze Ventures” va “SGTech” kabi yirik kompaniya va tashkilotlar vakillari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi. Ishtirokchilar IT Park taqdimoti va eksportga yoʻnaltirilgan kompaniyalar uchun berilgan imtiyozlar bilan tanishdilar, kompaniyalar buyurtmalarini bajarish uchun Oʻzbekistonda “Delivery Center” markazini ochish gʻoyalari muhokama qilindi.

IT Park delegatsiyasining “Shared Services & Outsourcing Week” konferensiaysidagi ishtiroki tajriba almashish, hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va Oʻzbekistonning PBS, BPO va IT-autsorsing sohalaridagi salohiyatini namoyish etish imkonini yaratdi.

2023-11-01