IT Park “Dubai Fintech Summit”da xalqaro aloqalarni mustahkamlamoqda

IT Park Uzbekistan delegatsiyasining “Dubai Fintech Summit”da qatnashish uchun BAAga tashrifi doirasida tashkilot ijrochi direktori Abdulahad Kuchkarov “fintech” sohasidagi 5 yetakchi kompaniya, xususan “Beta Information Technology”, “VFS Global”, “Venture Dive”, “LynQ” va “Psi Finance” bilan muzokaralar olib bordi.

Beta Information

Beta Information — kiberxavfsizlik, bulutli texnologiyalar, maʼlumotlar infratuzilmasi va boshqa sohalarda IT-yechimlarni integratsiyalash boʻyicha yetakchi kompaniya hisoblanadi. “Beta Information” kompaniyasining biznesni rivojlantirish boʻyicha katta menejeri Moxankumar Danapal kompaniyaning strategiyasi ayni paytda Markaziy Osiyo bozoriga chiqishni oʻz ichiga olishi bilan oʻrtoqlashdi va uning fikricha Oʻzbekistonda yaratilgan shart-sharoitlar mamlakatimizda mintaqaviy vakolatxonani tezda ishga tushirish uchun eng samarali hisoblanadi. Tomonlar “Regional HQ” dasturi doirasida ofis ochish va kompaniya mahsulotlarini Oʻzbekistondan Markaziy Osiyo mamlakatlariga sotish boʻyicha muzokaralarni davom ettirish toʻgʻrisida kelishuvga erishdilar.

VFS Global

Keyingi uchrashuv “VFS Global” kompaniyasining biznesni rivojlantirish boʻyicha katta menejeri Olga Nekrasova bilan boʻlib oʻtdi. “VFS Global” butun dunyo boʻylab autsorsing va offshoring sohasida konsalting xizmatlarini taqdim etadi. Abdulahad Kuchkarov Oʻzbekistonning IT va BPO sohalarini, rivojlangan infratuzilma va mehnatga layoqatli yoshdagi 21 milliondan ortiq kishidan iborat kadrlar salohiyatini taqdim etdi. Oʻz navbatida, Olga Nekrasova Oʻzbekiston haqida xabardorlikni oshirish va bozorimizni IT va BPO-kompaniyalari uchun yangi offshor autsorsing manzili sifatida targʻib qilishda zarur yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda “VFS Global” kompaniyasining mintaqaviy ofisini ochish toʻgʻrisida kelishuv imzolandi.

Venture Dive

Venture Dive — Silikon vodiysi, London, Dubay, Karachi va dunyoning boshqa shaharlarida ofislariga ega bir qancha mukofotlarga sazovor kompaniya. “Venture Dive” 2012-yilda tashkil etilgan boʻlib, raqamli ishlanmalar bilan shugʻullanadi va butun dunyo boʻylab odamlar hayotini yaxshilash uchun ilgʻor texnologiyalar yaratadi. Bundan tashqari, kompaniya 2 ta startapga “yakkashox” boʻlishda yordam berib ulgurdi va yirik korxonalarni raqamli transformatsiya qilish boʻyicha bir qator tashabbuslarni amalga oshirdi.

“Venture Dive” kompaniyasining biznesni rivojlantirish boʻyicha maslahatchisi Faraz Amjad Oʻzbekistondagi mashhur IT-mutaxassisliklarning xilma-xilligi, shuningdek, boshlangʻich startaplar hamda yirik IT va BPO-gigantlarini qoʻllab-quvvatlash uchun yaratilgan imtiyozli dasturlardan hayratda qoldi. Tomonlar Oʻzbekistonda “Venture Dive” ofisini tashkil etish masalasini muhokama qilish uchun qoʻshimcha uchrashuv oʻtkazishga kelishib oldilar.

LynQ

Lynq — bu kuchli virtual yordamchilarni yaratish va ish jarayonlarini optimallashtirish imkonini beruvchi saqlangan bilimlarni klasterlash uchun raqamli va sunʼiy intellekt vositalari hamda kompaniya maʼlumotlarini birlashtiruvchi kompaniya hisoblanadi. Uchrashuvda “LynQ” kompaniyasi asoschisi Ixab Achkar ishtirok etdi va u allaqachon Oʻzbekistonda ofis ochmoqda — may oyi oxiriga kelib kompaniya mamlakatimizda rasman taqdim etiladi.

Bundan tashqari, Ixab Achkar Oʻzbekistonni yangi mintaqaviy texnologik habga aylantirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar unda juda katta taassurot qoldirganini taʼkidladi. Oʻzbekistonga yangi xalqaro kompaniyalarni jalb etish, shuningdek, Oʻzbekiston IT-salohiyatini jahon miqyosida ilgari surish maqsadida “LynQ” va IT Park Uzbekistan oʻrtasida qoʻshma loyihalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Psi Finance

Salohiyatli hamkorlar bilan oʻtkazilgan B2B uchrashuvlar doirasida Abdulahad Kuchkarov “Psi Finance” moliyaviy texnologiyalar kompaniyasi asoschisi Jesper Kristensen bilan ham muzokaralar olib bordi. “Psi Finance” anʼanaviy ilovalar va blokcheyn kesishmasida innovatsion ishlanmalarni joriy qilgan holda, moliyaviy texnologiyalar va kriptoiqtisodiyot sohasida inqilobiy yechimlarni yaratishga eʼtibor qaratadi.

Janob Kristensen 1 oy ichida Oʻzbekistonda ofis ochish va loyihalarni rivojlantirishga qiziqish bildirdi. Ushbu qadam kriptoiqtisodiyot sohasidagi yetakchi mutaxassislardan ilgʻor tajriba va texnologiyalarni olib kelib, mamlakatimizda blokcheyn sanoatining rivojlanishi uchun katalizator boʻlib xizmat qiladi.

 

2024-05-10