IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida davlat tuzilmalari va 100 dan ortiq xorijiy kompaniyalar vakillarini jamlagan ikkita xalqaro tadbir — O‘zbekiston-Amerika va O‘zbekiston-Slovakiya biznes-forumlari o‘tkazildi. Ikkala tadbir ham O‘zbekistonning investitsion salohiyatini ilgari surish va yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.
Forum doirasida O‘zbekistonning IT-salohiyati va IT-kompaniyalar uchun afzalliklarini namoyish etuvchi IT Park stendi ham taqdim etildi.
O‘zbekiston AQSH kompaniyalari bilan IT-hamkorlikni kuchaytirmoqda
O‘zbekiston-Amerika biznes forumi doirasida yuqori texnologiyalar, sanoat, moliya va ta’lim sohalarida strategik hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Amerikalik ishtirokchilar orasida “Boeing”, “Visa”, “SpaceX”, “Morgan Stanley”, “HP”, “Coca-Cola”, “John Deere”, “GE Healthcare”, “Medtronic” va boshqa ko‘plab kompaniyalar vakillari bor edi. IT Park bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov O‘zbekistonda ofislar ochish va buyurtmalar berishdan manfaatdor bo‘lgan potensial hamkorlarga O‘zbekistonning IT-salohiyatini taqdim etdi.
IT Parkning AQSh bilan hamkorligi asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ijobiy dinamikani ko‘rsatishda davom etmoqda. 2025-yilda AQSh kompaniyalarining investitsion faolligi ham, IT Park rezidentlarining AQSh bozoriga eksport yo‘naltirilganligi ham kuchaydi.
AQSh bozori IT Park rezidentlari faoliyatining asosiy eksport yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirda 353 ta IT-kompaniya AQShga eksportga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu 2024-yildagi ko‘rsatkichdan (349 ta kompaniya) yuqori. Ularda 10 343 nafar mutaxassis ish bilan ta’minlangan, o‘tgan yili esa bu ko‘rsatkich 9 755 nafar edi.
2025-yilning I choragida AQSh bozoriga eksport hajmi 68,8 million dollarga yetdi, bu esa IT-eksportning umumiy hajmida sezilarli ulushni tashkil etadi. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 212,2 million dollarni tashkil etgan bo‘lib, joriy chorakdagi dinamika tashqi iqtisodiy faollikning yuqori darajada saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.
AQSh kapitali ishtirokidagi IT Park rezidentlari soni 2024-yildagi 49 tadan 55 taga ko‘paydi. Ular orasida “EPAM”, “Vention” va “Exadel” kabi yetakchi xalqaro kompaniyalar bo‘lib, ularning ishtiroki O‘zbekiston IT-sohasida eksport salohiyatini rivojlantirish va jarayonlarni standartlashtirishga ko‘maklashmoqda.
Shuningdek, ushbu korxonalarda 1 928 ta ish o‘rni yaratildi, bu esa 2024-yilga (1 658) nisbatan 270 taga ko‘p. Bu AQSh investitsiyalarining mamlakatda yuqori malakali bandlikni rivojlantirishga barqaror hissa qo‘shayotganini tasdiqlaydi.
O‘zbekiston va Slovakiya hamkorligini rivojlantirish
Keyinchalik O‘zbekiston-Slovakiya biznes-forumi o‘tkazildi. Forumning rasmiy qismini O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso ochib berdilar. Forum Slovakiyaning mashinasozlik, agrosanoat, energetika, qurilish, AKT va konsalting sohalaridagi 50 dan ortiq kompaniya vakillarini birlashtirdi.
IT Park bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov O‘zbekistondagi texnologik investorlar va xalqaro autsorsing kompaniyalari uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida taqdimot o‘tkazdi. U o‘z nutqida IT-kompaniyalar uchun asosiy afzalliklar, tayyor infratuzilma, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida so‘zlab berdi, shuningdek, kadrlar bozori salohiyati hamda innovatsiyalar va raqamlashtirish sohasida hamkorlik imkoniyatlarini ta’kidladi.
“O‘zbekiston keng ko‘lamli IT-habga aylanmoqda va biz Yevropa kompaniyalari, xususan, Slovakiya kompaniyalari bilan dasturiy ta’minot, autsorsing va raqamli ta’lim sohasida hamkorlik qilish uchun ulkan salohiyatni ko‘rmoqdamiz. Biz hamkorlikka tayyormiz va qo‘shma loyihalarga taklif etamiz,” — dedi Abdulaxad Kuchkarov.
Biznes-forum doirasida IT Park va “SARIO” — xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va Slovakiya kompaniyalarini tashqi bozorlarda qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi Slovakiya investitsiya va savdoni rivojlantirish agentligi (Slovak Investment and Trade Development Agency) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjatda IT-xizmatlar autsorsingi sohasida hamkorlik qilish, shuningdek, ikki mamlakat IT-kompaniyalarini ilgari surishda qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
Memorandum hamkorlik aloqalarini mustahkamlshga ko‘maklashish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma tadbirlar o‘tkazishga qaratilgan. Tomonlar investorlarni jalb qilish va kompaniyalarni yangi bozorlarga chiqishda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha kelishib oldilar.
IT Park Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Buyuk Britaniya bilan hamkorlikni mustahkamlashda davom etmoqda. Bugungi kunda IT Park’ning 269 ta rezidenti ushbu bozorlarga IT-xizmatlarini eksport qilib, 13 000 dan ortiq mutaxassisni ish bilan ta’minlamoqda. Faqatgina 2025-yilning birinchi choragida Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaga eksport hajmi 31,4 million dollarni tashkil etdi (2024-yil uchun 91,6 million dollar), bu esa barqaror o‘sish dinamikasini ko‘rsatmoqda.
IT Park O‘zbekistonni texnologik va investitsion hamkorlik bo‘yicha ishonchli hamkor sifatida taqdim etib, xalqaro tadbirlarda faol ishtirok etishni davom ettirmoqda. Yetakchi Amerika va Slovakiya kompaniyalari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar yangi qo‘shma loyihalarni rivojlantirish va O‘zbekistonning global innovatsion xaritadagi ishtirokini kengaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
2025-06-10