24-27 oktabr kunlari Toshkentda Oʻzbekiston AKT sohasidagi eng yirik tadbir — “ICTWEEK UZBEKISTAN 2023” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi boʻlib oʻtdi.
Soʻngi 19 yil davomida ICTWEEK zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida tajriba almashish va eng soʻnggi yutuqlarni namoyish etish uchun eng muhim platforma hisoblanadi. Aynan shu yerda xorijiy investorlar respublika salohiyati va mahalliy IT-bozorining jozibadorligi bilan yaqindan tanishadilar.
Oʻzbekiston IT-sohasi oldiga qoʻyilgan asosiy vazifa 2030-yilga borib Oʻzbekistondan IT-xizmatlar eksportini $5 milliardga yetkazish boʻlib, ICTWEEK bu maqsadga erishishda juda muhim rol oʻynaydi.
ICTWEEKʼning eng muhim tadbirlaridan biri — “Uzbekistan Outsourcing Forum” da soʻzga chiqqan IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov tashkilotning ikkita ustuvor vazifasi haqida gapirdi:
“Joriy yildan boshlab IT Park ikkita asosiy vazifaga eʼtibor qaratmoqda: mahalliy kompaniyalarni xalqaro bozorga chiqishida qoʻllab-quvvatlash va xorijiy kompaniyalarni Oʻzbekistonga jalb qilish.
Endilikda eksportga yoʻnaltirilgan rezidentlarimiz eksklyuziv xizmatlarning keng qamrovli toʻplami boʻlgan “All-in-one” dasturidan foydalanishlari mumkin.
Dastur maxsus shaxsiy menejer va 24 soatlik qoʻllab-quvvatlash xizmati, shuningdek, xodimlarni tanlashda yordam berish, infratuzilma, yuridik, buxgalteriya va bank xizmatlari, internetga uzluksiz kirishni oʻz ichiga oladi.
Bundan tashqari, IT Park rezidentlari barcha turdagi korporativ soliqlardan ozod qilingan va faqat daromad soligʻini 7,5% imtiyozli stavkada toʻlashadi. Balki bu borada Oʻzbekiston dunyodagi eng jozibali davlatdir”.
Tadbirda IT-kompaniyalarning 200 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Ular orasida Janubiy Koreya, AQSh, Rossiya, Turkiya, Fransiya, Pokiston, Buyuk Britaniya, Kolumbiya, Ruminiya, Ozarbayjondan 49 nafar xorijiy kompaniyalar vakillari hamda 60 nafar xorijiy mehmonlar bor edi.
Bundan tashqari, ICTWEEK doirasida “Startap Summit”, “IT Education Forum”, “Oʻzbekiston-Koreya AKT Biznes hamkorlik” forumi va boshqa tadbirlar boʻlib oʻtdi.
Startap Summitʼda YeTTB tomonidan IT Park koʻmagida yoʻlga qoʻyilgan “Star Venture” dasturi taqdim etildi. Dastur Oʻzbekiston startaplariga xalqaro bozorlarga chiqish uchun investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi.
IT Park ishtirokida maqsadi Oʻzbekistonda IT-taʼlimni rivojlantirish boʻlgan “IT Education Forum” tashkil etildi. Unda Coursera bosh direktori Jeff Maggionkalda videomurojaat qildi va ICPC dasturlash boʻyicha xalqaro talabalar olimpiadasining mintaqaviy bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi, unda IT Park va IT Park University tashkilotchi sifatida ishtirok etdilar.
Shuningdek, IT Park koreyalik hamkorlari KOICA, NIPA, UNIDO ITPO Korea va KOIIA bilan birgalikda ilk bor O‘zbekiston-Koreya AKT biznes hamkorligi forumini o‘tkazdi. Tadbir Koreyaning yigirmadan ortiq IT-kompaniyalarini jalb qildi va mahalliy kompaniyalar uchun koreyalik hamkasblar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun noyob imkoniyat yaratdi.
AKT haftaligi davomida “ICT Expo” koʻrgazmasi Central Asian Expo (CAEx) koʻrgazma markazida 4000 m² dan ortiq maydonda boʻlib oʻtdi va unga 16 000 dan ortiq mehmonlar tashrif buyurishdi. Koʻrgazmada IT Park stendi va IT startaplar xiyoboni namoyish etildi.
Unda 72 ta startap taqdim etildi, ulardan 42 tasi IT Park rezidentlari, 30 tasi “Plug and Play” dasturlari ishtirokchilari. Startaplar oʻz gʻoyalari, mahsulot va xizmatlarini soha vakillari hamda potensial investorlarga namoyish etishdi.
ICTWEEK yakunlariga koʻra, 7 ta xorijiy kompaniya Oʻzbekiston hududlarida oʻz ofislarini ochishga qaror qildi. Bular “HOCA” (Koreya), “Esokia” (Fransiya), “Greenworld LLC” (Hindiston), “Cappersoft” (Pokiston), “Programmers Force Pvt. Ltd.” (Pokiston), “Ejada Systems” (Saudiya Arabistoni) va “Scalewill” (Rossiya).
Ulardan uchtasi — “HOCA”, “Esokia” va “Greenworld LLC” IT Park rezidenti maqomini olish uchun ariza topshirdi va oʻz faoliyatining birinchi yilida Oʻzbekistonda kamida 200 ta yangi ish oʻrni yaratish va $10 milliondan ortiq IT-xizmatlarini eksport qilishni rejalashtirgan.
Shuningdek, ICTWEEK doirasida ikkita muhim memorandum imzolandi — “KMAM Group S.L.” (ACIR Janubiy Yevropa, Ispaniya) va “KOIIA” (Koreya) bilan. Birinchisi IT Park va uning rezidentlariga Yevropa bozorlariga, xususan, Ispaniya bozoriga chiqishga, shuningdek, Oʻzbekistonning Ispaniyada investitsion jozibadorligi haqidagi maʼlumotlarni tarqatishga yordam beradi. Ikkinchisi IT Parkka Koreya kompaniyalari bilan aloqalar oʻrnatishga, ulardan buyurtmalar va investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi.
Joriy yilda ICTWEEK doirasida IT Parkka 160 dan ortiq xorijiy kompaniyalar vakillari tashrif buyurishdi va B2B uchrashuvlari oʻtkazildi.
2023-11-01