IT Park Uzbekistan LB24 kompaniyasining xalqaro rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi

IT Park Uzbekistan vakillari yaqinda IT Park rezidentiga aylangan LB24 kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida tomonlar kompaniyaning biznesni kengaytirish, eksport bozorlariga chiqish hamda IT Park Uzbekistan qo‘llab-quvvatlash vositalari, jumladan, “Local2Global”, “Zero Risk” va “IT Park Ventures” dasturlaridan foydalanish rejalarini muhokama qildilar.

LB24 — lb24.uz raqamli yuridik platformasini rivojlantirayotgan O‘zbekiston IT-kompaniyasi. Mazkur yechim sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan bo‘lib, foydalanuvchilar va yuridik mutaxassislar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni avtomatlashtirishga mo‘ljallangan.

Muzokaralar doirasida LB24 jamoasi platformaning joriy ish modelini va eksport xizmatlari hajmini oshirish rejalarini taqdim etdi. IT-kompaniyalarni xorijiy bozorlarga chiqishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Local2Global” dasturi hamda xalqaro faoliyatni yo‘lga qo‘yishda xatarlarni kamaytiruvchi “Zero Risk” dasturida ishtirok etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Kompaniya IT Park Uzbekistan ko‘magida xalqaro ko‘rgazmalar va sohaviy tadbirlarda ishtirok etish, MDH mamlakatlari, Yevropa Ittifoqi, Lotin va Shimoliy Amerika, shuningdek, Avstraliya bozorlariga chiqishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, uchrashuv davomida kompaniya IT Park Uzbekistan tomonidan taqdim etiladigan “IT-Visa” vositasi yordamida xorijiy IT-mutaxassislarni jalb qilishga qiziqish bildirdi. Bundan tashqari, investitsiyaviy ko‘mak olish va mahsulotni kengaytirishni jadallashtirish uchun “IT Park Ventures” bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

LB24 bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan ekotizimida raqamli yuridik xizmatlar sohasini rivojlantirish, yuqori eksport salohiyatiga ega innovatsion mahsulotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatning texnologik startaplarni yaratish va xalqaro bozorlarga kengaytirish maydonchasi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

2025-12-19