IT Park startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktori Elyor Maksudov boshchiligidagi delegatsiya Malayziya Fan, texnologiyalar va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi “MIMOS” amaliy tadqiqotlar markazi bosh direktori Saat Shukri Embong rahbarligidagi Malayziya delegatsiyasi bilan muzokaralar olib bordi.
MIMOS (Malaysian Institute of Microelectronic Systems) — Malayziyaning axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi milliy amaliy tadqiqot markazi bo‘lib, Fan, texnologiya va innovatsiyalar vazirligi huzurida faoliyat yuritadi. 1985-yilda tashkil etilgan bu tashkilot sanoat, sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi va davlat boshqaruvi kabi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini transformatsiya qilishga qaratilgan strategik raqamli yechimlar va texnologiyalarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan. “MIMOS” milliy va xalqaro miqyosda ilmiy ishlanmalarni rivojlantirish va innovatsiyalarni joriy etish uchun hukumat tuzilmalari, universitetlar va sanoat hamkorlari bilan faol hamkorlik qiladi.
Uchrashuv davomida IT Park vakillari texnopark ekotizimi, uning infratuzilmasi va O‘zbekistonda o‘z ofisini ochmoqchi bo‘lgan xalqaro kompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida taqdimot o‘tkazdilar. Xorijiy rezidentlar uchun barcha turdagi soliqlardan (jumladan, QQS va foyda solig‘idan) to‘liq ozod qilish, uskunalarni olib kirishda bojxona to‘lovlarini bekor qilish, chet ellik mutaxassislar uchun viza va ishlash ruxsatnomalarini olishning soddalashtirilgan tartib-qoidalari kabi qo‘llab-quvvatlash choralariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro bozorlarga chiqish istiqbollari, malakali IT-kadrlar mavjudligi va mamlakatning rivojlangan raqamli infratuzilmasini muhokama qildilar. “MIMOS”, o‘z navbatida, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo texnologik markazi sifatidagi salohiyatini baholashga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar uzoq muddatli hamkorlikka qiziqish bildirib, hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilash va qo‘shma tashabbuslarni tayyorlash maqsadida muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.
2025-06-12