IT Park Uzbekistan “Outsourcing World Summit 2024” tadbirida ishtirok etdi

IT Park Uzbekistan Chikagoda boʻlib oʻtgan “Outsourcing World Summit 2024” sammitida faol ishtirok etdi. Ushbu eksklyuziv tadbir ilgʻor texnologiyalarni eng yaxshi sanoat amaliyotlari bilan birlashtirishga qaratilgan boʻlib, bilim almashish, netvorking va strategik bilimlarga ega boʻlish uchun noyob platforma boʻlib xizmat qildi. Unda 100 nafardan ortiq soha yetakchilari qatnashdi. IT Park Uzbekistan vakillari — maslahatchi Ahmed Abulezz va Shimoliy Amerika boʻlimi rahbari Sultonmurod Rasulovlar dunyoning autsorsing gigantlari bilan muloqot qilish, hamkorlik imkoniyatlarini oʻrganish va mamlakatimizning rivojlanayotgan autsorsing markazi sifatidagi mavqeyini mustahkamlash uchun ajoyib imkoniyatga ega boʻlishdi.

Sammit chogʻida IT Park Uzbekistan vakillari bir qancha taniqli kompaniyalar bilan samarali muhokamalar va taqdimotlar oʻtkazdilar. Vakillarimiz 1000 nafarga yaqin xodim va yillik 100 million dollar aylanmaga ega yetakchi boshqaruv konsalting kompaniyasi — “Avasant” bilan uchrashdilar. Taxminan 14 000 nafar ishchi xodim va yillik daromadi 800 million dollarni tashkil etadigan raqamli, biznes-konsalting va texnologiyalar sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi yirik kompaniya — “Synchron” bilan oʻtkazilgan uchrashuv yana bir muhim voqea boʻldi. Shuningdek, atrof-muhit, ijtimoiy va boshqaruv (ESG) yechimlari boʻyicha oʻz tajribasi bilan mashhur boʻlgan, 1400 nafarga yaqin xodim va yillik 700 million dollar daromadga ega “ADAC Innovations” kompaniyasi bilan ham uchrashuv oʻtkazildi. Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan 250 nafarga yaqin xodimlarga ega autsorsing bozoridagi yangi oʻyinchi — “ScaleHub” kompaniyasi bilan hamkorlik qildi.

Dunyo boʻylab 118 000 nafar xodimga ega global texnologiya giganti “Meta Platforms” kompaniyasining professional xizmatlar boʻlimi rahbari; “SEBPO” — biznes-jarayonlar autsorsingi bilan shugʻullanuvchi kompaniya; “Canon Business Process Services” — taxminan 2400 nafar xodimga ega yirik autsorsing xizmatlari provayderi; va 2900 nafar xodim faoliyat yurituvchi “Advanced Call Center Technologies” kompaniyasi bilan muhim uchrashuvlar oʻtkazildi.

“Octopus Outsourcing”, “Sutherland Global Services”, “rProcess Outsourcing Services”, “Analytix Solutions” va “Eleks” kabi kompaniyalar ham Oʻzbekistondagi autsorsing sohasiga qiziqish bildirishdi.

IT Park Uzbekistan’ning “Outsourcing World Summit 2024” tadbirida qatnashishi uning global miqyosdagi ishtirokini kengaytirish va autsorsing sohasida strategik hamkorlikni rivojlantirish istagini taʼkidlaydi. Mazkur tadbir Oʻzbekistonni Markaziy Osiyodagi yetakchi IT va autsorsing markaziga aylantirish missiyasidagi muhim bosqichlardan biri boʻldi.

2024-05-27