IT Park Uzbekistan’da “DAAC Digital” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralar davomida IT Park bosh direktori Abdulahad Kuchkarov va “DAAC” Digital vakili Oleg Rotaru IT Park rezidentlari xizmatlarini Ruminiya, Bolgariya va Moldova bozorlariga eksport qilishni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar, shuningdek, “Local2Global” dasturi doirasida hamkorlik shartnomasini imzoladilar.
“DAAC Digital” axborot texnologiyalari sohasidagi yetakchi kompaniya bo‘lib, biznes, hukumat va jamiyatni raqamli transformatsiya qilish uchun innovatsion yechimlarni ishlab chiqish va joriy etish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya konsalting, dasturiy ta’minot ishlab chiqish, muhandislik va axborot xavfsizligi xizmatlarini taqdim etadi. Kompaniyaning bosh qarorgohi Moldovada joylashgan.
Asosiy kelishuvlar
Tomonlar Sharqiy Yevropa mamlakatlaridan birida IT Park va uning rezidentlari imkoniyatlarini taqdim etish maqsadida qo‘shma tadbirlar tashkil etishga, shuningdek, “DAAC Digital” bilan hamkorlikda rezidentlarni Ruminiya, Bolgariya va Moldova bozorlarida targ‘ib qilishga kelishib oldilar.
“Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz rezidentlarimizning Yevropadagi mavqeini mustahkamlaydi va eksport salohiyatining o‘sishiga turtki bo‘ladi”, — dedi Abdulahad Kuchkarov.
IT Park yevropalik mijozlarga IT-dasturlash va raqamli xizmatlarni bajarishga tayyor kompaniyalarni taqdim etadi. “DAAC Digital” esa rezidentlar mahsulotlarining Yevropa bozorlariga chiqishiga va eksport savdosini oshirishga ko‘maklashadi.
“DAAC Digital” bilan hamkorlik IT Park rezidentlari uchun Sharqiy Yevropaning yangi bozorlariga yo‘l ochadi. Bu O‘zbekiston IT-kompaniyalarining globallashuv strategiyasini amalga oshirishda muhim qadam hisoblanadi. Keyingi bosqichda Ruminiya, Bolgariya yoki Moldovada “roadshow” tayyorlanib, unda IT Park o‘z kompaniyalarining innovatsion yechimlarini namoyish etadi.
2025-04-16