IT Park Uzbekistan va JETRO IT hamda autsorsing sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov va raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Sakurai San Yaponiyaga tashrifi davomida “Japan External Trade Organization” (JETRO) rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Uchrashuvda JETRO raisi va bosh direktori Norihiko Ishiguro hamda JETRO ijrochi vitse-prezidenti Takafumi Suzuki ishtirok etdi. JETRO vakillari Yaponiya IT-kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish, startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonni IT-autsorsing uchun ishonchli yo‘nalish sifatida targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar hamda hamkorlik memorandumini imzoladilar.

Japan External Trade Organization (JETRO) — xalqaro savdo va investitsiyalarni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi Yaponiya davlat tashkiloti. JETRO 2003-yilda tashkil etilgan va bosh qarorgohi Tokioda joylashgan. Tashkilot 56 ta davlatda 76 ta xorijiy ofisga va Yaponiya ichida 50 dan ortiq ofisga ega. JETRO tarkibida 1 900 ga yaqin xodim mehnat qiladi. O‘zbekistonda JETRO’ning Toshkentdagi mintaqaviy ofisi faoliyat ko‘rsatib, Yaponiya va O‘zbekiston kompaniyalariga ikki davlat bozorlariga chiqishda yordam beradi.

Muzokaralar davomida tomonlar IT-autsorsing va startap ekotizimlarini rivojlantirishdagi hamkorlikni batafsil muhokama qildilar. Xususan, Yaponiya kompaniyalarining O‘zbekistonda biznes ochishini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, huquqiy va tartibga solish masalalari bo‘yicha hamrohlik qilish, soliq imtiyozlari, “Zero Risk”, “IT Visa”, “One-stop-shop” dasturlari va boshqa qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonni Yaponiya IT-kompaniyalari uchun barqaror va raqobatbardosh yo‘nalish sifatida targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, startaplar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekiston startaplari uchun Yaponiya innovatsion ekotizimi bilan tanishish maqsadida almashinuv dasturlarini tashkil etish, shuningdek, Yaponiya startaplari uchun O‘zbekistonda soft-landing formatlarini ko‘rib chiqdilar. Bundan tashqari, dasturiy ta’minot, sun’iy intellekt, fintech va kreativ texnologiyalar sohasidagi sheriklikni rivojlantirish uchun doimiy maydon bo‘lib xizmat qiladigan har yillik qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish g‘oyasi ilgari surildi.

Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekiston IT-kompaniyalari uchun eksportga tayyorgarlik darajasini va Yaponiya bozori bilan ishlash qobiliyatini oshirishga qaratilgan o‘quv dasturlari, treninglar va mentorlik sessiyalarini qo‘llab-quvvatlashni muhokama qildilar. Ushbu chora-tadbirlar milliy IT-sektorining kadrlar salohiyati va amaliy kompetensiyalarini mustahkamlashga qaratilgan.

Alohida tartibda JETRO tomonidan amalga oshirilayotgan “J-Bridge” dasturi doirasidagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. Ushbu dastur startaplar va yirik kompaniyalar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. O‘zbekiston startaplarining “J-Bridge” dasturida ishtirok etishi ularning Yaponiya bozoriga chiqishi va Yaponiya korporatsiyalari bilan sheriklik aloqalarini o‘rnatishi uchun samarali vosita bo‘lishi ta’kidlandi. Tomonlar mazkur dastur doirasidagi hamkorlik formatlarini ishlab chiqishni davom ettirishga kelishib oldilar.

Muzokaralar davomida JETRO’ning xorijiy ofislari tarmog‘idan foydalangan holda startaplarni xalqaro bozorlarga, jumladan, AQSH bozoriga birgalikda olib chiqish masalasi ham ko‘tarildi. Tomonlar bunday hamkorlik O‘zbekiston IT-kompaniyalari faoliyatini kengaytirish va ularning mintaqadan tashqaridagi eksport imkoniyatlarini oshirish uchun ulkan salohiyatga ega ekanligini qayd etdilar.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun zamin yaratuvchi hamkorlik memorandumini imzoladilar.

JETRO bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan uchun Yaponiya kompaniyalari, investitsiyalari va texnologiyalarini jalb qilish, shuningdek, IT-xizmatlar eksportini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi. Ushbu sheriklik IT Park Uzbekistan’ning xalqaro mavqeini mustahkamlaydi, startap ekotizimini rivojlantirishga xizmat qiladi va O‘zbekistonning Yaponiya hamda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bozorida ishonchli texnologik hamkor sifatidagi rolini kuchaytiradi.

 

2025-12-23