IT Park Uzbekistan va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar operatsion faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha yechimlarni muhokama qildilar

IT Park Uzbekistan vakillari xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar bilan amaliy uchrashuv o‘tkazdi. Unda asosiy e’tibor rezidentlar faoliyatining dolzarb masalalari, shuningdek, ularning eksport salohiyatini oshirish va rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilishga qaratildi. Uchrashuv davomida IT Park Uzbekistan rezident kompaniyalari uchun yangi tashabbuslar va vositalar ham taqdim etildi.

Uchrashuvda konsalting sohasida faoliyat yurituvchi “Crowe TAC Advisory”, “B2B SPACE”, “KOSTA LEGAL”, “SOLUXE EVENTS”, “MAMC TADQIQOT”, “RIZANOVA”, “CONSORT GROUP” va “ROBIQ AI” kompaniyalari ishtirok etdi. Ushbu rezidentlar xorijiy bozorlar uchun xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan bo‘lib, o‘z faoliyatining eksport yo‘nalishini faol rivojlantirmoqda.

Uchrashuvda asosiy e’tibor rezident kompaniyalarning eksport salohiyatini oshirishga qaratildi. Bunda xorijiy mijozlar bilan ishlashning amaliy jihatlari, eksport loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va bank sektori bilan hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, tomonlar eksport loyihalarini amalga oshirishda bank vositalaridan foydalanish imkoniyatlari, xorijiy bozorlar bilan ishlashda statistik hisobotlarning o‘ziga xos xususiyatlarini muhokama qildilar. Ishtirokchilar, shuningdek, eksport operatsiyalarini samarali qo‘llab-quvvatlash uchun banklarning mas’ul vakillari bilan yaqinroq va tezkor hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Bunday uchrashuvlarni o‘tkazish IT Park Uzbekistan’ga rezidentlarning dolzarb talablarini hisobga olish, eksportga yo‘naltirilgan ekotizimni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni shakllantirish va kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishi uchun qulay sharoitlar yaratish imkonini beradi. Bu esa IT Park Uzbekistan rezidentlarining xorijdagi mavqeini mustahkamlash va O‘zbekistonning global IT-bozordagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

2025-12-16