IT Park Uzbekistan Vashingtondagi C5+1 konferensiyasida AQSH kompaniyalari uchun investitsiya imkoniyatlarini taqdim etdi

Kennedi markazida (Vashington, AQSH) “C5+1” o‘n yilligiga bag‘ishlangan biznes-konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Osiyo va Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumatlari, biznes va innovatsion hamjamiyatlari vakillari ishtirok etdi. Tadbir mintaqada iqtisodiy hamkorlik, raqamli texnologiyalar va barqaror o‘sishni rivojlantirishga bag‘ishlandi.

Anjuman doirasida 5 ta mavzuli sessiya tashkil etildi: “AQSH-Markaziy Osiyo ta’minot zanjirlarini mustahkamlash”, “Sun’iy intellekt salohiyatidan foydalanish”, “Raqamli iqtisodiyot orqali bog‘lanish”, “AQShga qanday investitsiya kiritish mumkin”, “Markaziy Osiyoga qanday investitsiya kiritish mumkin”.

O‘zbekistonning plenar majlisdagi chiqishi

Konferensiyaning asosiy sessiyalaridan biri “Harnessing the Power of AI” (Sun’iy intellekt salohiyatidan foydalanish) mavzusidagi plenar sessiya bo‘ldi. Ishtirokchilar ilg‘or sun’iy intellekt yechimlarini davlat va xususiy sektorlarga joriy etish imkoniyatlari, Markaziy Osiyo mamlakatlarining innovatsion ekotizimlarini rivojlantirish, shuningdek, investitsiyalar uchun sharoitlarni muhokama qildilar.

Ishtirokchilar orasida “Google”, “Meta”, “Perplexity AI”, “Scale AI”, “StartX”, “Zypl.AI” va boshqa yetakchi kompaniyalar vakillari bor edi.

O‘zbekiston nomidan IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov so‘zga chiqib, Amerika kompaniyalari uchun O‘zbekistonning investitsion imkoniyatlari, startaplar uchun tashabbuslar haqida so‘zladi, shuningdek, O‘zbekiston startap ekotizimining rivojlanishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Abdulaxad Kuchkarov O‘zbekistonning xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xorijiy investorlar va texnologik kompaniyalar uchun qulay sharoitlar yaratish orqali texnologiyalarni rivojlantirishning mintaqaviy markaziga aylanishga intilayotganini ta’kidladi.

ITES kompaniyalari uchun “Zero Risk”, “Softlanding”, maxsus “IT Visa” qo‘llab-quvvatlash dasturlari, soliq va bojxona imtiyozlari amal qilmoqda. Bundan tashqari, “Enterprise Uzbekistan” tashabbusi doirasida yirik xorijiy kompaniyalarni jalb etish uchun kengaytirilgan imkoniyatlar yaratiladi.

“O‘zbekiston texnologik kompaniyalar uchun past xatarli va innovatsiyalarga qulay muhitni shakllantirmoqda. Biz amerikalik investorlar bilan hamkorlikka tayyormiz va AQSH hamda Markaziy Osiyo o‘rtasida ko‘prik bo‘lishga intilamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Kuchkarov.

IT sohasida iste’dodlarni rivojlantirish va ta’lim

O‘zbekiston inson kapitalini rivojlantirish va texnologiyalar sohasidagi ta’limga faol ravishda sarmoya kiritmoqda. 38 milliondan ortiq aholiga ega mamlakatda 7 milliondan ko‘proq kishi xorijiy tillarni — ingliz, nemis, koreys, yapon va arab tillarini biladi.

Ta’lim sohasidagi islohotlar doirasida YUNESKO tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, sun’iy intellekt asoslarini maktab ta’limiga integratsiya qilishga qaratilgan “Sun’iy intellekt maktabi” modeli amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda Xalqaro informatika olimpiadasini (IOI 2026) o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror yosh mutaxassislarni tayyorlashning yuqori darajasini yana bir bor tasdiqladi, bu esa mamlakatning axborot texnologiyalari sohasida iste’dodlarni tayyorlash bo‘yicha o‘sib borayotgan salohiyatini ko‘rsatmoqda.

Startaplarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari

O‘zbekiston innovatsiyalarni rag‘batlantirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan startaplarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarining keng ko‘lamini taklif etadi. “1+1 Co-Funding” mexanizmi doirasida hukumat xorijiy venchur investitsiyalarini jalb qiluvchi startaplarga har bir loyiha uchun 100 ming dollargacha mablag‘ ajratib, birgalikda moliyalashtiradi.

Bundan tashqari, davlat startaplarning yetakchi akseleratsiya dasturlaridagi ishtirokini qoplaydi, o‘qitish va mentorlik uchun subsidiyalar ajratadi. Startaplar esa o‘z yechimlarini rivojlantirish uchun 23 500 dollargacha foizsiz va garovsiz kreditlar olish imkoniyatiga ega.

Bunday chora-tadbirlar tufayli O‘zbekiston Amerika Qo‘shma Shtatlari va xalqaro kompaniyalar uchun yangi g‘oyalarni sinovdan o‘tkazish, kengaytirish va birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha noyob maydonga aylanmoqda.

O‘zbekiston startaplarining ishtiroki

“Silkroad Innovation Hub” ko‘magida tashkil etilgan “Startup Showcase” doirasida konferensiyada uchta o‘zbek startapi — “Tilmoch”, “GrowyAI” va “Numeo” ham o‘z ishlanmalarini taqdim etdi. Jamoalar sun’iy intellekt, ta’lim va raqamli xizmatlar sohasidagi yechimlarini namoyish etib, xalqaro ekspertlar va venchur investorlarning e’tiborini tortdi.

  • Tilmoch AI — o‘zbek va qozoq tillaridan tortib turk va uyg‘ur tillarigacha bo‘lgan keng turdagi turkiy tillarni qamrab oluvchi sun’iy intellektga asoslangan tarjimon va til platformasi. Platforma 180 milliondan ortiq kishilik auditoriyani birlashtirish imkonini beradi.

  • GrowyAI — sun’iy intellekt yordamida jamoalar va boshqaruv qarorlari samaradorligini oshirish uchun mo‘ljallangan intellektual platforma. Bu yechim korxonalarga jamoaviy dinamikani tahlil qilish, fikr-mulohazalarni to‘plashni avtomatlashtirish va unumdorlikni oshirish uchun shaxsiylashtirilgan tavsiyalarni shakllantirish imkonini beradi. 5 000 dan ortiq kishi allaqachon GrowyAI’ning raqamli murabbiylik bo‘yicha sinov dasturlarida qatnashmoqda.

  • Numeo AI — biznes jarayonlarini avtomatlashtirish uchun raqamli xodimlarni yaratadigan “aqlli logistika yordamchisi”. Platforma ta’minot zanjirlarini optimallashtirish, yo‘nalishlarni tahlil qilish va talabni bashorat qilish uchun mashinali o‘rganish texnologiyalaridan foydalanadi. Muvaffaqiyatli tadbirkor Akmal Payziyev rahbarligida “Numeo AI” yechimlari allaqachon AQShning bir qator logistika kompaniyalarida joriy etilmoqda va xalqaro bozorlarga chiqishning yuqori imkoniyatlarini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekistonlik loyihalarning ishtiroki IT Park Uzbekistan’ning milliy startaplarni xalqaro maydonlarda ilgari surish va mamlakatning Yevroosiyodagi yangi texnologik innovatsiyalar markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlash strategiyasining bir qismiga aylandi.

IT Park Uzbekistan’ning “C5+1” konferensiyasidagi ishtiroki hamkorlikni kengaytirish, venchur sarmoyalarini jalb qilish va O‘zbekiston innovatsiyalarini jahon bozoriga integratsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.

2025-11-10