IT Park va DanAds hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi

15-noyabr kuni IT Parkda Shvetsiyaning “DanAds” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi, unda strategik kengayish va hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

DanAds — oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish reklama texnologiyalari boʻyicha yetakchi provayder. Kompaniya ommaviy axborot vositalari egalariga qoʻlda boshqarishni sezilarli darajada qisqartirish imkonini beruvchi oʻzlarining toʻliq avtomatlashtirilgan oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish infratuzilmasini taqdim etadi. DanAds mijozlari “Bloomberg Media”, “Tripadvisor”, “Hearst Magazines”, “SoundCloud”, “Expedia Group”, “Atlantic”, “Roku” va “Philips” kompaniyalari hisoblanadi.

Uchrashuvni IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov tashrif buyuruvchilarni qutlagan holda boshlab berdi va mehmonlarga IT Park, uning missiyasi, rezidentlarni qoʻllab-quvvatlash dasturlari va tashkilotning kelgusidagi rivojlanish rejalari haqida gapirib berdi.

Uchrashuvda DanAds kompaniyasining texnik direktori Yoxan Lilielund “DanAds International AB” tomonidan IT Park rezidenti hisoblangan “Bitwise” kompaniyasi sotib olinganini eʼlon qildi va kompaniyaning Andijon va Qarshi viloyatlaridagi faoliyatini kengaytirish rejalari haqida gapirdi.

Muhokamaning asosiy nuqtasi DanAdsʼning ishga yollash rejasi boʻlib, kelgusi yil davomida kompaniya xodimlarini 30 dan 200 nafargacha oshirishni nazarda tutadi. Oʻzbekistonda iqtidorli ishchi kuchini rivojlantirishning ahamiyati muhokama qilindi va kompaniya malakali kadrlar yetkazib berish uchun mahalliy oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga qiziqish bildirdi.

DanAds kompaniyasining kadrlar boʻlimi boshligʻi Amar Basevach kelgusi amaliyot dasturi haqida gapirdi. U oliy oʻquv yurtlarining istiqbolli talabalari va bitiruvchilariga amaliy tajriba va taʼlim berish uchun moʻljallangan boʻlib, IT Parkʼning IT-sohasining oʻsishi va rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha missiyasiga mos keladi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha hamkorlik yoʻnalishlarini yanada oʻrganish boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishildi. IT Park qoʻllab-quvvatlash dasturlari va soliq imtiyozlari haqida batafsil maʼlumot berishga vaʼda berdi, DanAds esa universitetlar bilan hamkorlikni boshlash va amaliyot dasturlarini tashkillashtirish niyatini bildirdi.

2023-11-16