21-yanvar kuni Toshkentdagi Inxa universitetida O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, sun’iy intellektni taraqqiy ettirish va IT-xizmatlarini eksport qilishga hissa qo‘shadigan yangi texnologik korxona — “WISESTONE U”ning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Toshkentdagi Inxa universiteti rektori Muzaffar Jalolov, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi vakili Aziz Atabekov hamda IT Park Uzbekistan Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo’yicha direktori Mahliyo Muksinova so‘zga chiqdilar.
Bu nima uchun muhim?
“WISESTONE” — Koreyadagi yetakchi dasturiy ta’minot yetkazib beruvchisi bo‘lib, turli sanoat tarmoqlarida sifatni tekshirish, maslahat berish va texnologik yechimlarni taqdim etadi. 2007-yildan beri “WISESTONE” dasturiy ta’minotni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha yechimlar va xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda. Shu vaqt mobaynida kompaniya Xitoy va Vyetnamda vakolatxonalari bo‘lgan yetakchi IT-kompaniyaga aylandi.
Tadbir boshlovchisining tabrik so‘zidan so‘ng, “WISESTONE U” bosh direktori Kim In-Sok ishtirokida tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Faxriy mehmonlar, jumladan “PDP Ecosystem”, “Hancom Academy Uzbekistan”, “GeoTwo Information Technology” kabi tashkilotlar vakillari rahbariyatni ochilish bilan tabriklashdi.
“WISESTONE U” bosh direktori Kim In-Sok O‘zbekistonda texnologik innovatsiyalar va ta’limni rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, kompaniya faoliyatini kengaytirishda mahalliy bozorning ahamiyatini alohida qayd etdi. U o‘z nutqida kompaniyaning raqamli texnologiyalar sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish va xalqaro mehnat bozori uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan strategik rejalari haqida so‘zladi.
IT Park Uzbekistan Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo’yicha direktori Mahliyo Muksinova “WISESTONE U” kompaniyasining ochilishi O‘zbekistonning texnologik va sun’iy intellekt sohalarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadigan muhim voqea ekanligini ta’kidladi. Uning aytishicha, IT Park Uzbekistan kompaniyaning tashabbuslarini barcha bosqichlarda qo‘llab-quvvatlashga va mutaxassislar malakasini oshirish hamda mamlakatda raqamli texnologiyalar darajasini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyor.
“WISESTONE U kabi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik nafaqat O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlaydi, balki o‘sish va innovatsiyalar uchun noyob imkoniyatlar yaratadi. IT Park Uzbekistanda biz texnologiyalar rivojlanishi uchun yangi ufqlar ochadigan, mutaxassislar malakasini oshiradigan va mamlakatni yuqori texnologiyali markaz sifatida shakllantirishga hissa qo‘shadigan loyihalarni doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz,” — deya ta’kidladi Mahliyo Muksinova.
O‘zbekistonda “WISESTONE U” ofisining ochilishi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va mamlakatda raqamli texnologiyalarni rivojlantirishda muhim qadam hisoblanadi. IT Park Uzbekistan kabi hamkorlar bilan birgalikdagi sa’y-harakatlar nafaqat malakali mutaxassislarni tayyorlashga, balki yangi ish o‘rinlarini yaratishga ham xizmat qiladi, bu esa o‘z navbatida O‘zbekiston iqtisodiyoti va uning raqamli kelajagiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
2025-01-21