IT Park Uzbekistan’da tashkilot rahbariyati bosh direktor Abdulahad Kuchkarov boshchiligida mamlakatning BPO-kompaniyalari: “Cetus Pro”, “Unicall” va “Ikhlas Group” vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ishtirokchilar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlash va biznes-autsorsing sohasini rivojlantirish bo‘yicha asosiy tashabbuslarni muhokama qildilar.
Eksport va Local2Global dasturi
Kompaniyalar vakillari “Local2Global” dasturi eksport faoliyatining drayveriga aylanishiga ishonch bildirdilar. Ishtirokchilar IT Park’ning qo‘llab-quvvatlash vositalari, jumladan, marketing va huquqiy yordam AQSh, Yevropa va Osiyo bozorlariga chiqish jarayonlariga ko‘maklashayotganini ta’kidladilar.
BPO sohasini rivojlantirish
Tomonlar minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish va xalqaro standartlar asosida kadrlar tayyorlash rejalarini muhokama qildilar. O‘zbekistonlik mutaxassislarning raqobatbardoshligini oshirish uchun xorijiy ekspertlar ishtirokida ta’lim dasturlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.
IT Park Ventures orqali investitsiyalar
“Cetus Pro”, “Unicall” va “Ikhlas Group” o‘z loyihalarini moliyalashtirish uchun IT Park venchur fondiga taqdim etishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar. IT Park bosh direktori Abdulahad Kuchkarov shunday ta’kidladi: “Bizning vazifamiz nafaqat startaplarni qo‘llab-quvvatlash, balki yuqori o‘sish salohiyatini namoyish etayotgan mavjud kompaniyalarga kengayishda yordam berishdir.”
Qo‘shma tadbirlar
BPO-kompaniyalari IT Park tomonidan tashkil etiladigan biznes-forumlar, eksport missiyalari va hakatonlarda ishtirok etishga qiziqish bildirdilar. Bu tashabbus hamkorlik aloqalarini kengaytirish va yangi xorijiy mijozlarni jalb qilish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunlari O‘zbekistonning BPO sektori sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilish arafasida ekanligini tasdiqladi. Davlat ko‘magi, IT Park dasturlari va kompaniyalar intilishlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir mamlakatni mintaqaviy biznes-autsorsing markaziga aylantirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Keyingi qadam hamkorlikning har bir yo‘nalishi bo‘yicha yo‘l xaritalarini imzolash bo‘ladi.
2025-04-15