Mo‘ynoqda IT Park rezidentlari va raqamli sanoat vakillari ishtirokida IT-forum o‘tkazildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida IT Park Uzbekistan tomonidan IT Park Karakalpakstan ishtirokida mintaqaviy IT-forum tashkil etildi. Tadbir raqamli yechimlar, startaplar va ta’lim tashabbuslarini namoyish etish uchun platforma bo‘libgina qolmay, mahalliy va xalqaro ekspertlar o‘rtasida muloqot maydoniga ham aylandi.

Forum har yili o‘tkaziladigan “Stixiya” festivali doirasida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda talabalar, qoraqalpog‘istonlik yoshlar, shuningdek, xorijlik mehmonlar qatnashdi. Ishtirokchilar mintaqada IT sohasidagi imkoniyatlar, startap infratuzilmasi va raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish tashabbuslari haqida batafsil ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Qo‘mitasi raisi Murat Atamuratov va Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Rasul Zarekeev ishtirokchilarga qutlov so‘zi bilan murojaat qilib, mintaqada raqamli texnologiyalarni rivojlantirishning muhimligini ta’kidladilar.

Forum doirasida ko‘rgazma tashkil etildi. Unda “Data live centre”, “One cloud China”, “Imax”, “Voice solutions VB”, “Karsu soft”, “Data-soft”, “Aral hub”, “Kungrat IT School”, “Startup Garage”, “Beeline” va “School 21” kabi tashkilotlar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar O‘zbekistonda va xorijda ishlab chiqilgan innovatsion IT-yechimlar, raqamli platformalar va ta’lim mahsulotlarini taqdim etdilar.

“Voice solutions VB” kompaniyasi direktori Dmitriy Falaleev, “Aral Sea Discovery” sayyohlik kompaniyasi asoschisi Tazabay Uteuliеv va “School 21” vakili Kamila Xalmuratova spikerlar sifatida so‘zga chiqdilar.

Forum doirasida startaplarni rivojlantirish bo‘yicha panel muhokamasi ham o‘tkazildi. Unda “Startup Factory” loyihasi koordinatori Usmon Rahimjonov, IT Park markaziy apparati vakili Jamoliddin Shayxov, Savdo-sanoat palatasi direktori o‘rinbosari Mels Qosnazarov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakili Dauran Seytniyazov hamda “Moodme” kompaniyasi asoschisi Ruslan Yuldashev ishtirok etdilar.

Mo‘ynoqda IT-forumning o‘tkazilishi hududlarda raqamli iqtisodiyotni ommalashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. IT Park butun mamlakat bo‘ylab IT-infratuzilmasi, tadbirkorlik va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish orqali bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

2025-06-04