O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan delegatsiyasining AQShga tashrifi doirasida raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Vashingtonda AQSH Savdo-sanoat palatasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan tomonidan tashkil etildi. Tadbirga AQSH Savdo-sanoat palatasining Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Jenifer Mil moderatorlik qildi.

O‘zbekiston tomonidan uchrashuvda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, IT Park Uzbekistan kuzatuv kengashi raisi Farhod Ibragimov va IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov ishtirok etdi.
Davra suhbatida 28 nafar ishtirokchi, jumladan, 19 ta yetakchi xalqaro kompaniya vakillari qatnashdi: Google, Meta, Palo Alto Networks, Mastercard, Oracle, Salesforce, Citi, Supermicro, Nexttracker, Playground Global, 500 Global, Vertiv, Mayer Brown, FINN Partners, Synergy International Systems, Axiom Space, Docra, Freedom Holding, ZELH.

Muhokamaning asosiy mavzulari ma’lumotlarni mahalliylashtirish va himoya qilish, O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, AQSH biznes vakillari ishtirokida Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida maslahat guruhini tashkil etish, shuningdek, eng yirik xalqaro IT-kompaniyalarni jalb qilishning asosiy vositasi bo‘lgan “Enterprise Uzbekistan” tashabbusini rivojlantirish masalalari bo‘ldi.

Ishtirokchilar so‘nggi yillarda O‘zbekiston zamonaviy raqamli ekotizimni yaratish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirganini ta’kidladilar: butun mamlakat bo‘ylab IT Park vakolatxonalari ochildi, IT-biznes uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratildi va ko‘plab xalqaro kompaniyalar jalb qilindi. Biroq, keyingi bosqichda global texnologik gigantlarni (hyperscalers) jalb qilish muhim bo‘lib, buning uchun infratuzilma, huquqiy tartibga solish va ma’lumotlar xavfsizligi sohasida yuqori xalqaro standartlarni joriy etish zarur.

Aynan “Enterprise Uzbekistan” markazining tashkil etilishi rivojlanishning ushbu bosqichi uchun mustahkam poydevor bo‘ladi — bu shaffof qoidalar, texnologik infratuzilma va yirik global IT-kompaniyalarning O‘zbekistonda ishlashi uchun ishonchni ta’minlaydigan platforma vazifasini o‘taydi.

O‘zbekiston bugungi kunda Yevroosiyoning istiqbolli texnologik markazi sifatida qaralmoqda. Muhokama ishtirokchilari mamlakatning ma’lumot markazlari qurilishiga sarmoya kiritish, IT-xizmatlar eksporti yo‘nalishlarini rivojlantirish va IT Park Uzbekistan rezidentlari uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida Amerika bozori rolini kuchaytirish uchun katta salohiyatga ega ekanligini ta’kidladilar.

Davra suhbati yakunida tomonlar sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni joriy etishdan tortib O‘zbekiston IT-mahsulotlarini jahon bozorida ilgari surishgacha bo‘lgan har bir yo‘nalish bo‘yicha hamkorlik yo‘l xaritalarini ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Vashingtonda o‘tkazilgan davra suhbati O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama texnologik aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, raqamli hamkorlik va xalqaro integratsiyani rivojlantirishda yangi sahifa ochdi.
2025-11-10