O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi hamda bosh direktor Abdulaxad Kuchkarov rahbarligidagi IT Park Uzbekistan vakillari Amerika Qo‘shma Shtatlariga amaliy tashrif bilan bordilar.
Tashrif doirasida doktor Uilyam B. Pauer — “ICPC Foundation” prezidenti va “International Collegiate Programming Contest” (ICPC) ijrochi direktori bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tomonlar raqamli ta’lim, iste’dodlarni rivojlantirish va xalqaro akademik hamkorlik sohalarida strategik hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda dasturlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, dasturlash musobaqalarini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va xalqaro akademik sheriklikni mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqildi. Bu esa O‘zbekistonning jahon miqyosida raqobatbardosh IT va innovatsion ekotizimni yaratishga bo‘lgan intilishini tasdiqlaydi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari
Uchrashuv davomida sun’iy intellekt, algoritmik tadqiqotlar, dasturiy injiniring, hisoblash texnologiyalari bo‘yicha kompetensiyalarni rivojlantirish, shuningdek, o‘zbekistonlik talabalarning dasturlash bo‘yicha xalqaro olimpiadalarda faol ishtirok etishiga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Markaziy Osiyoning akademik yetakchiligini mustahkamlash
Mazkur tashabbus O‘zbekistonning raqamli ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va jahon miqyosidagi ta’lim, ilmiy-tadqiqot hamda innovatsion muhitni shakllantirish bo‘yicha strategik maqsadlarini aks ettiradi. Dunyodagi eng nufuzli talabalar dasturlash tanlovi hisoblangan ICPC bilan hamkorlik o‘zbek talabalari va jahonning yetakchi universitetlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi.
ICPC bilan hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi
Muzokaralar yakunida tomonlar O‘zbekistonda ICPC dasturlarini kengaytirish va tashkilotning Markaziy Osiyodagi faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlikni, shuningdek, ICPC bilan sheriklikni rivojlantirishni ko‘zda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu memorandum doirasida O‘zbekistonda bir qator yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
ICPC Foundation haqida
ICPC Foundation — algoritmik dasturlash bo‘yicha dunyodagi eng yirik va nufuzli talabalar musobaqasi bo‘lgan “International Collegiate Programming Contest” (ICPC)ni tashkil etuvchi xalqaro notijorat tashkilot. 1970-yilda asos solingan mazkur tashkilot murakkab amaliy muammolarni hal etish va global IT-ta’limni rivojlantirish maqsadida butun dunyodan eng iqtidorli dasturchi talabalarni birlashtiradi.
2025-11-07