O‘zbekiston IT-hab mavqeini mustahkamlamoqda: 5 oy ichida 280 dan ortiq eksportchi IT Park rezidentlari safiga qo‘shildi

2025-yilning yanvar–may oylarida 636 ta kompaniya IT Park Uzbekistan rezidenti maqomini oldi. Bu mamlakatga yangi global IT-hab sifatida qiziqishning barqaror o‘sib borayotganini ko‘rsatadi. Ularning 369 tasi Toshkentda, 267 tasi esa hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, bu butun mamlakat bo‘ylab raqamlashtirish va texnologik rivojlanish davom etayotganidan dalolat beradi.

Raqamli xizmatlar eksportining o‘sishi

Eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarning yuqori ulushi alohida e’tiborga loyiq — 284 ta rezident xorijga xizmat ko‘rsatishni rejalashtirmoqda, ularning 117 tasi chet el kompaniyalaridir. Poytaxtning eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalari 46 million dollardan ortiq, hududlardagi kompaniyalar esa 31 million dollardan ortiq eksportni maqsad qilgan. Bu ma’lumotlar IT sohasining mamlakat valyuta tushumlari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini ta’kidlaydi.

Eksportchi rezidentlari profili

Rezident kompaniyalar to‘rtta asosiy yo‘nalishda faol ish olib bormoqda:

  • IT-xizmatlar (142 ta kompaniya, shundan 72 tasi xorijiy);
  • BPO (87 ta kompaniya, shu jumladan 19 tasi xorijiy);
  • Servis xizmatlari (33 ta kompaniya, ularning 16 tasi xorijiy);
  • Geymdev va kreativ sanoat (22 ta kompaniya, ularning 10 tasi xorijiy).

Xorijiy investorlarning barqaror qiziqishi

Xorijiy tadbirkorlar orasida O‘zbekistonga qiziqish barqaror saqlanmoqda: yil boshidan buyon xorijiy kapital ishtirokidagi 164 ta kompaniya IT Park rezidentlari safiga qo‘shildi. Umuman olganda, rezidentlar geografiyasi Iordaniya, Gonkong, Indoneziya, Lixtenshteyn, Yangi Zelandiya va Norvegiya kabi yangi yo‘nalishlarni qo‘shgan holda 61 mamlakatni qamrab olgan.

Geografiya kengaymoqda: Osiyo va Yevropa diqqat markazida

Bir qator mamlakatlar kompaniyalarining o‘sish sur’atlari alohida e’tiborga loyiq: 2025-yilda yaponiyalik rezidentlar soni ikki baravarga, Xitoydan kelganlar 71 foizga, Turkiyadan 133 foizga, Ozarbayjondan esa 67 foizga ko‘paydi. Ushbu ko‘rsatkichlar mahalliy IT-bozorning xalqaro biznes uchun jozibadorligini yaqqolvtasdiqlaydi.

BPO va servis xizmatlarining yangi shakllari

Shuningdek, ta’lim, biznes-tahlil, texnik hujjatlar va statistik ma’lumotlarni tayyorlash bo‘yicha maslahat berish kabi yanada murakkab va yuqori daromadli xizmatlarni ko‘rsata boshlagan BPO va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar ulushining o‘sishi kuzatilmoqda. Bu esa O‘zbekiston jamoalari o‘rtasida kasbiy mahoratning oshib borayotganini ko‘rsatadi.

May oyidagi yangi rezidentlar

2025-yil may oyida IT Park’da 116 ta yangi kompaniya ro‘yxatdan o‘tkazilib, jami rezidentlar soni 2846 taga yetdi. IT Park rezidenti maqomini 51 ta eksportga yo‘naltirilgan kompaniya oldi, ularning 22 tasi xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar hisoblanadi. Kompaniyalar AQSh, Yaponiya, Koreya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Iordaniya, Ruminiya, Ispaniya, Eron va Pokiston kabi mamlakatlarda tashkil etilgan.

Ularning faoliyati tuzilmasida:

  • 23 ta kompaniya BPO va boshqa xizmatlarni ko‘rsatadi;
  • 17 tasi IT-mahsulotlar yaratish ustida ishlamoqda;
  • 7 tasi IT-xizmatlarga ixtisoslashgan;
  • 4 tasi kreativ sanoat bo‘yicha rivojlanmoqda.

IT Park hududiy vakolatxonalarida may oyida 17 ta kompaniya eksportga yo‘naltirilgan rezident maqomini oldi, ularning 7 tasi xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalardir. Ular 235 dan ortiq ish o‘rni yaratishi va 2,6 million dollardan ortiq eksportni ta’minlashi kutilmoqda.

IT Park’ning xorijiy kapital ishtirokidagi yangi rezidentlari orasida sun’iy intellekt, muhandislik, BPO va EdTech sohalarida eksport xizmatlarini ko‘rsatuvchi texnologik kompaniyalar ham mavjud. Ularning faoliyati geografiyasi Yevropa, Yaqin Sharq, Osiyo va Avstraliya mintaqalarini qamrab oladi.

Jumladan, “OSYSTEMS” (Ispaniya, Iordaniya) Iordaniya, Qatar, AQSh bozorlari uchun ma’lumotlarni tahlil qilishga ixtisoslashgan avtonom sun’iy intellekt modellarini ishlab chiqish, o‘qitish va joriy etish bo‘yicha o‘z dasturini amalga oshirmoqda.

“FORTIS INSTRUMENTS SOUTH” (Fransiya) radiatsiya monitoringi sohasida muhandislik xizmatlarini ko‘rsatib, Fransiya bozori uchun yuqori darajadagi texnologik ekspertizani ta’minlaydi.

“HUCORP GLOBAL” (Koreya) ta’lim kontentini mahalliylashtirish va Koreyaga eksport qilish bilan shug‘ullanib, xalqaro miqyosda EdTech yo‘nalishini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.

“EUROANSWER” (Ruminiya) G‘arbiy Yevropadagi mijozlar uchun keng qamrovli BPO-xizmatlarini, jumladan, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya bozorlari uchun texnik qo‘llab-quvvatlash va mijozlarga xizmat ko‘rsatishni taqdim etadi.

“UNITLAB AI” (AQSh) o‘zining sun’iy intellekt asosidagi avtomatik belgilash modellari va ish jarayonlarini boshqarish vositalari bilan jihozlangan ma’lumotlarni belgilash platformasini taklif etadi. Kompaniya Germaniya, Avstraliya, Fransiyaga xizmatlar autsorsingi bilan shug‘ullanadi.

2025-yilning dastlabki besh oyidagi ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston biznesni boshlash va kengaytirish uchun qulay ekotizimga ega mamlakat sifatida global IT-xaritasidagi o‘rnini mustahkamlamoqda. IT Park rezidentlari tarkibida eksportchilar va xorijiy kapital hajmining o‘sishi xalqaro investorlar va kompaniyalarning ishonchini aks ettiradi. Hududlarga barqaror kengayish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar doirasining murakkablashuvi mamlakatdagi IT-bozorning yangi yetuklik darajasiga o‘tganidan dalolat beradi.

2025-06-04