Raqamli texnologiyalar vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonov Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi a’zosi, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Kim Kyo Xin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda axborot texnologiyalari sohasida O‘zbekiston–Koreya hamkorligini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda Koreya axborot texnologiyalari kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyati kengayib borayotgani qayd etildi. Ma’lum qilinishicha, joriy yil yakuniga qadar mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan koreyalik AT-kompaniyalar soni 30 taga yetishi kutilmoqda.
Shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, xususan, yirik ma’lumotlar markazini qurish loyihalari, raqamli ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar 2030-yilga qadar O‘zbekistonda axborot texnologiyalari xizmatlari eksporti bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar sonini 100 taga yetkazish, qo‘shma loyihalar ko‘lamini yanada kengaytirish hamda O‘zbekiston–Koreya strategik hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni belgilab oldilar.
2025-12-13