O‘zbekiston startaplari Vashingtonda AQSH Prezidentining maxsus vakili ishtirokida o‘z loyihalarini taqdim etdi

AQShga tashrif doirasida Vashingtonda AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor ishtirokida Markaziy Osiyo startaplari taqdimoti o‘tkazildi. Tadbir mintaqada innovatsiyalar va texnologik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Silkroad Innovation Hub dasturi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Silkroad Innovation Hub AQShning Palo Alto shahrida joylashgan Silikon vodiysining markazidagi hamjamiyat markazi hisoblanadi. U IT Park Uzbekistanning asosiy hamkorlaridan biri bo‘lib, startap va venchur ekotizimini rivojlantirish hamda texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga ko‘maklashmoqda.

O‘zbekiston uchta startapni Tilmoch AI, Growy AI va Numeo AI loyihalarini taqdim etdi. Bu mamlakatning sun’iy intellekt va raqamli yechimlar sohasidagi o‘sib borayotgan salohiyatini namoyish etdi.

Tilmoch AI turkiy tillarni raqamli muhitda rivojlantiruvchi AI-tarjimon va til platformasi. Loyihaga ko‘pchilikka ilhom beruvchi yosh tadbirkor Muhammadsaid Mamasaidov asos solgan. Uning yo‘li Tahrirchi onlayn-korrektorini yaratishdan boshlangan bo‘lib, bugungi kunda Tilmoch AI har oyda 130 000 dan ortiq foydalanuvchilarni birlashtirmoqda va xalqaro miqyosda tan olinmoqda.

Platforma 180 milliondan ortiq auditoriyani qamrab olgan holda o‘zbek va qozoq tillaridan tortib turkcha va uyg‘urchagacha bo‘lgan keng ko‘lamdagi turkiy tillarni qo‘llab-quvvatlaydi. So‘nggi yillarda startap bir qator nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘ldi, jumladan, mGov Award” tomonidan $50 000 (2022) va President Tech Award” tomonidan $100 000 (2023) oldi, yaqinda esa $1,5 million baholanishda $150 000 miqdoridagi investitsiyalarni (AloqaVentures, Yoshlar Ventures, IT Park Ventures) jalb qildi. Startap hozirda AlchemistX Silicon Valley Residency dasturida faol ishtirok etmoqda.

Growy AI sun’iy intellekt yordamida jamoalar va boshqaruv qarorlari samaradorligini oshirish uchun aqlli platforma. Yechim bizneslarga jamoaviy dinamikani tahlil qilish, fikr-mulohazalarni to‘plashni avtomatlashtirish va samaradorlikni oshirish uchun shaxsiy tavsiyalarni shakllantirishga yordam beradi.

5 000 dan ortiq kishi Growy AI raqamli murabbiylik bo‘yicha tajriba dasturlarida ishtirok etmoqda. Kompaniya AQShda o‘z ofisini ochdi, hozirda 50 000 dollarlik shartnomalar ustida ish olib borilmoqda. Startap AQSh biznes farishtalaridan 15 ming dollar mablag‘ jalb qildi.

Loyiha IT Park Uzbekistan ko‘magida faol rivojlanmoqda va allaqachon bir qator mahalliy kompaniyalar tomonidan HR-jarayonlarini optimallashtirish va korporativ madaniyatni boshqarish uchun qo‘llanilmoqda. Startap Tumaris.Tech va Plug and Play” tanlovlarining eng yaxshi finalchilari qatoridan joy oldi hamda AQShning AlchemistX Silicon Valley Residency xalqaro akseleratorida faol ishtirok etmoqda.

Numeo AI biznes jarayonlarini avtomatlashtirish uchun raqamli xodimlarni yaratuvchi aqlli logistika yordamchisi. Platforma ta’minot zanjirlarini optimallashtirish, yo‘nalishlarni tahlil qilish va talabni bashorat qilish uchun mashinali o‘rganish texnologiyalaridan foydalanadi.

Muvaffaqiyatli tadbirkor Akmal Payziyev rahbarligidagi startap kompaniyalarga resurslarni tejash va operatsion faoliyatda inson omilini kamaytirishga yordam beradi. Numeo AI yechimlari allaqachon AQShning bir qator logistika kompaniyalarida joriy etilmoqda va xalqaro bozorlarga kengayishning yuqori salohiyatini ko‘rsatmoqda. Jamoa logistika kompaniyalari, dispetcherlar va yetkazib beruvchi korxonalar xodimlari uchun sun’iy intellekt agentlarini yaratmoqda.

Numeo AI Silikon vodiysidagi “AlchemistX Silicon Valley Residency yetakchi B2B-akseleratorining 2024-yilgi dasturi ishtirokchisi hisoblanadi.

Serjio Gor startaplar yuqori salohiyatini ta’kidlab, bunday tashabbuslar xalqaro texnologik hamkorlikni mustahkamlashga va mintaqadagi yosh avlod iste’dodini yuzaga chiqarishga qodir ekanligiga ishonch bildirdi.

IT Park Uzbekistan innovatsiyalarni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va O‘zbekistonning Markaziy Osiyo texnologik markazi sifatida global mavqeyini oshirishga xizmat qilayotgan startaplarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.

2025-11-07