Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida IT Park Uzbekistan’ga rasmiy tashrif bilan keldi. Tashrif chog‘ida delegatsiya IT Park infratuzilmasi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bilan batafsil tanishdi.
Bolgariya delegatsiyasi vakillariga IT Park Uzbekistan’da amalga oshirilayotgan dasturlar, faoliyatning asosiy yo‘nalishlari va kelajak rejalari haqida ma’lumot taqdim etildi. Sun’iy intellekt va raqamli yechimlar sohasidagi tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.
Bolgariya Prezidenti yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, bunday texnoparklarning yoshlarni xalqaro loyihalarga jalb qilish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdagi ahamiyatini ta’kidladi.
O‘zbekiston-Bolgariya biznes-forumi
Toshkent xalqaro investitsiya forumining uchinchi kuni doirasida ikki mamlakat davlat tuzilmalari va xususiy sektor vakillarini birlashtirgan O‘zbekiston-Bolgariya biznes-forumi o‘tkazildi. Tadbir ishbilarmonlik aloqalarini, jumladan, axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun maydon vazifasini o‘tadi.
Forum doirasida IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova bolgariyalik hamkorlarga O‘zbekiston IT-ekotizimining imkoniyatlarini taqdim etdi. U IT Park rezidentlariga beriladigan imtiyozlar, jumladan, soliq va bojxona yengilliklarini, kadrlarni o‘qitish uchun subsidiyalar, ofis ijarasi, shuningdek, ish haqi va dividendlarni xorijiy valyutada to‘lash imkoniyatini tushuntirdi.
“Zero Risk” dasturiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu dastur doirasida xorijiy kapital ishtirokdagi IT-kompaniyalar bir yil davomida bepul ofis maydoni, ish haqi va HR xarajatlarining qisman qoplanishi, shuningdek, xodimlarni o‘qitish uchun har bir xodimga 5000 dollargacha grant olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“O‘zbekiston o‘zini ishonchli raqamli hamkor sifatida namoyon etdi: 2025-yilda mamlakatda 2800 dan ortiq IT Park rezident kompaniyalari, jumladan, xorijiy kapital ishtirokidagi 752 ta kompaniya faoliyat yuritmoqda. IT sohasida band bo‘lgan mutaxassislarning umumiy soni 42700 kishidan oshdi.”
Nutqining yakunida Mahliyo Muksinova Bolgariya IT-kompaniyalarini hamkorlikka taklif etdi: mintaqaviy ofislar ochish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va IT Park negizida eksportga yo‘naltirilgan IT-loyihalarni ishga tushirish.
Forum O‘zbekistonning texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatni global IT-habga aylantirish istagini yana bir bor tasdiqladi. Bolgariya Prezidentining tashrifi va O‘zbekiston-Bolgariya forumi IT sohasida mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi hamda investitsiyalarni jalb qilish va tajriba almashish uchun yangi istiqbollarni ochdi.
2025-06-12