O‘zbekiston va Yaponiya NICT vakillari AKT sohasidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar

O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi maslahatchisi Akixiro Sakurai va IT Park Uzbekistan bosh direktori Abulaxad Kuchkarov Yaponiya Milliy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari instituti (NICT) prezidenti Xideyuki Tokuda bilan uchrashuv o‘tkazdi.Tomonlar uzoq muddatli hamkorlik yo‘nalishlarini, jumladan, qo‘shma tadqiqotlar, tajriba almashish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar salohiyatini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

NICT — Yaponiyaning axborot va kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha milliy ilmiy-tadqiqot instituti hisoblanadi. Institut 2004-yilda tashkil etilgan va Tokioda joylashgan. NICT “Beyond-5G” va 6G tarmoqlari, sun’iy intellekt, kvant aloqalari, kiberxavfsizlik va innovatsion tarmoq texnologiyalari bo‘yicha asosiy davlat tadqiqot markazi sifatida faoliyat yuritadi. Institut butun dunyo bo‘ylab universitetlar, biznes va davlat tuzilmalari bilan hamkorlik qiladi, shuningdek, Yaponiyadagi milliy vaqt va chastota standartlari uchun mas’ul tashkilot hisoblanadi. NICT’ning umumiy aktivlari taxminan 84 million dollarni tashkil etadi.

Muzokaralar doirasida tomonlar NICT, tegishli vazirliklar va O‘zbekiston milliy tadqiqot institutlari o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Sun’iy intellekt, kvant aloqalari va yangi avlod tarmoqlari sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari va tajriba dasturlarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar mutaxassislar tayyorlash va xalqaro tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarida O‘zbekiston milliy ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb etgan holda qo‘shma ta’lim va tadqiqot dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, raqamli ta’limni rivojlantirishda Yaponiya tajribasidan foydalanib texnik treninglar va malaka oshirish dasturlarini o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tomonlar ilm-fan taraqqiyoti barqaror raqamli transformatsiyaning asosi ekanligini ta’kidladilar. Shu munosabat bilan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida data-markaz tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Bunda O‘zbekiston hukumati ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar AKT-tadqiqotlari va kadrlar tayyorlash sohasida belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

Yaponiya Milliy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari instituti (NICT) bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan’ning ilmiy va kadrlar tashabbuslarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Yaponiyaning yetakchi tadqiqot markazlaridan biri bilan hamkorlik xalqaro aloqalarni mustahkamlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida tajriba almashish va ilg‘or amaliyotlarni joriy etishga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, IT Park Uzbekistanning tadqiqot salohiyatini kuchaytirish, mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish va O‘zbekistonda barqaror raqamli ekotizimni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.

2025-12-23