O‘zbekistonda ish beruvchilarning IT-brendlari bo‘yicha tadqiqot taqdim etildi

Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi va IT Park Uzbekistan ko‘magi bilan Ecopsy konsalting kompaniyasi O‘zbekistondagi ish beruvchilarning IT-brendlari bo‘yicha keng qamrovli tadqiqot o‘tkazdi. Tadqiqot 50 nafardan ortiq IT-mutaxassisga ega kompaniyalarni qamrab oldi bunda nafaqat IT sohasi vakillari, balki ichki IT-ekspertizasini faol rivojlantirayotgan chakana savdo, bank, telekommunikatsiya va sanoat tarmoqlari ham ishtirok etdi.

Ecopsy boshqaruv va HR sohasida faoliyat yurituvchi, MDHdagi (2015–2025 yillarda RAEX reytingida #1) eng yirik konsalting kompaniyalardan biri. Tashkilot 20 dan ortiq yetakchi sanoat korxonalari, Forbes ro‘yxatidagi kompaniyalarning 85 foizi bilan hamkorlik qiladi va konsalting guruhlari orasida strategik konsaltingning o‘sish sur’atlari bo‘yicha kuchli beshtalikka kiradi (RAEX, 2025).

Tadqiqotning maqsadi IT-mutaxassislar ish beruvchini tanlashda amal qiladigan mezonlarni aniqlash, ish izlovchilar nuqtai nazaridan kompaniyalarning kuchli va zaif tomonlarini baholashdan iborat. Loyiha doirasida turli yo‘nalishlardagi IT-bozor mutaxassislari nafaqat IT-sanoat, balki tegishli sohalar: chakana savdo, banklar, telekommunikatsiya va sanoat kompaniyalari bilan 24 ta batafsil intervyular o‘tkazildi. Bugungi kunda tobora ko‘proq bunday tashkilotlar o‘zlarining raqamli mahsulotlari va jamoalarini shakllantirish orqali ichki IT-salohiyatini faol rivojlantirmoqda. Mutaxassislar orasida O‘zbekiston IT-hamjamiyatining taniqli vakillari: Bohodir Ayupov (ITPU), Rustam Toshov (IT Alliance), Renat Axtyamov (EPAM Systems), Abduqahhor Toshmuhamedov (Green White Solutions), Anna Ambrozevich (Women in Tech), Nuriddin Iminoqulov va Farhod Mahmudov (OSON) hamda boshqa soha mutaxassislari bor.  

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, yuqori malakali IT-mutaxassislarning yetishmasligi (60% ekspertlar fikri), o‘rta va yuqori darajadagi IT-kadrlarga bo‘lgan yuqori talab (40%), shuningdek, xalqaro kompaniyalarning kirib kelishi fonida iste’dodlar uchun kuchli raqobat asosiy muammolar bo‘lib qolmoqda. Mutaxassislar, shuningdek, malakali kadrlarning chetga ketishi, sun’iy intellekt sohasida tor doiradagi mutaxassislar yetishmovchiligi hamda loyiha va mahsulot menejerlarining tanqisligini ta’kidlashdi.

Xalqaro kompaniyalar tomonidan IT-mutaxassislarga bo‘lgan talab ortib borayotgan sharoitda, bozorda maoshlarning sezilarli darajada o‘sishi kuzatilmoqda. Shunga mos ravishda mutaxassislar doimiy ravishda o‘z malakasi va bilim darajasini oshirishga majbur bo‘lmoqdalar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda axborot va kommunikatsiya sohasidagi ish o‘rinlari soni 2023-yildagi 87,8 mingdan 2024-yilga kelib 98,6 minggacha ko‘paygan. Har yili IT yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlaydigan 106 ta oliy ta’lim muassasasi mehnat bozoriga yangi bitiruvchilarni yetkazib beradi.

Asosiy tendensiyalar orasida sun’iy intellektning biznes jarayonlariga joriy etilishi, korporativ ta’lim tizimining kengayishi, xalqaro kompaniyalar bilan raqobat kuchayishi hamda gibrid bandlik modellariga o‘tish qayd etilgan.

Ekspertlar o‘tkazilgan tadqiqot asosida ish beruvchilar uchun uchta ustuvor yo‘nalishni belgilab berdilar: xodimlarni saqlab qolish va jalb qilish, korporativ universitetlar orqali mutaxassislarning malakasini oshirish hamda barqaror va kuchli ish beruvchi brendini shakllantirish.

Mazkur tadqiqot O‘zbekiston IT-sohasida jozibador HR-brendlarni shakllantirish bo‘yicha tizimli yondashuv sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi. Uning natijalari kadrlar salohiyatini rivojlantirish, kasbiy o‘sishni rag‘batlantirish va barqaror professional hamjamiyatni shakllantirishga qaratilgan kelgusi tashabbuslarning poydevoriga aylanadi. IT Park Uzbekistan va Raqamli texnologiyalar vazirligi mehnat sharoitlarini yaxshilash, kompaniyalarni samarali HR-strategiyalarini ishlab chiqishda qo‘llab-quvvatlash va eng iqtidorli mutaxassislar o‘z salohiyatini aynan O‘zbekistonda ro‘yobga chiqarishi uchun qulay muhit yaratish ustida ishlashni davom ettiradi.

2025-11-10