Joriy yilning 24-iyul kuni O‘zbekistondagi birinchi dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki – IT Parkning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bugun 24-iyul kuni iqtidor egalari o‘z g‘oyalarini istiqbolli biznes loyihalariga aylanishiga ko‘mak beradigan maskan – IT Parkning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olim Umarov, Hindiston dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parklari jamiyati (STPI) direktori janob Omkar Ray, IT Park direktori Farhod Ibragimov va boshqalar ishtirok etdi.
Tantanali kecha mehmonlari IT Park bo‘ylab ekskursiya davomida mamlakatda startaplarni rivojlantirishga qaratilgan eko-muhit va infratuzilma bilan tanishdi.
IT Parkning Qabul Hay’ati tomonidan tanlab olingan birinchi startap loyihalar alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Tanlovdan o‘tgan dastlabki 15 ta startaperlar orasida:
– Akseleratsiya dasturi bo‘yicha loyihalar: Fastаgo – Igor Kim; Document Scanner – Shuhrat Zaxidov; Electronic Shelf Label – Muzaffar Mahkamov; Agromart – Akbar Boboxonov; Arzon Apteka – Danik Kamilov; Meteostation – Vladimir Alatarsev.
– Inkubatsiya dasturi bo‘yicha loyihalar: Revisor – Islomali Nuraliyev; Event – Shoxruxxon Umarov; Altmed – Maxmudjon Sodiqov; Worklance – Bekzodxon Maxkamov; Delivera – Aziz Qurbonov, Spherra – Rustam Yuldashev, AydaTuda – Vladislav Vavilov; Patient Monitor – Murod Axunov; LockerPost – Rustam Asimov.
Tadbir davomida birinchi startap loyihaga O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov sertifikat topshirdi.
Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kelajakda IT Park uchun kovorking markazi, IT akademiya, IT laboratoriya va IT mehmonxonani o‘z ichiga oluvchi uchta yangi binoni topshirish, shuningdek, boshqa hududlardagi yoshlar o‘z go‘yalarini ro‘yobga chiqarishi uchun yengillik yaratish maqsadida mamlakatimiz mintaqalarida ham IT Parkning filiallarini ochish rejalashtirilgan.
IT Park direktori Farhod Ibragimov shunday fikr bildirdi: – Shuni ta’kidlashni xohlardimki, biz yaratayotgan eko-muhit, albatta, faqat technologik infratuzilmaning o‘zidangina iborat emas va binoning ochilishi – shunchaki dastlabki qadam, asosiy ish esa hali oldinda. Jahon bozorida talabgir yakuniy mahsulotga urg‘u bergan holda startaplarni rivojlantirishga qaratilgan content yaratish – bizning asosiy maqsadimizdir. Biz startap loyihalarini butun “umri” davomida qo‘llab-quvvatlab, jahon startaplari darajasiga chiqarmoqchimiz.
Ushbu masalaga tubdan yondashmoqdamiz, ya’ni kelgusida biz uchun startap loyihalari “generatorlarini” yetishtirib beradigan IT-Akademiyani ham ishga tushirmoqdamiz.
Alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman, biz uchun dunyo miqyosida IT Park emas, startaplarimiz tanilishi muhimdir!
Yuqorida aytilganlarga qo‘shimcha qilib shuni ta’kidlash lozimki, IT Park rezidentlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari tog‘risida”gi PF 5099-sonli farmonida belgilangan imtiyozlarga ega bo‘ladilar.
Eslatib o‘tish joizki, IT Park bu – istiqbolli startap loyihalarini yo‘lga qo‘yish va ularni bozorga olib chiqishga xizmat qiladigan, fan va taʼlim muassasalari bilan integratsiyalashuv orqali amalga oshirishga mo‘ljallangan majmua bo‘lib, u zarur bino, inshoot va uskunlarni o‘z ichiga oladi. IT Park faol iqtidor egalarini huquqiy, buxgalteriya, marketing va ilmiy-pedagogik masalalarda qo‘llab-quvvatlash orqali o‘z biznes loyihalarini chinakam biznesga aylantirish uchun barcha imkoniyat beradigan maskandir.
2019-07-24