Oʻzbekistonning IT-sohasi ajoyib rivojlanish surʼatlarini namoyish etishda davom etmoqda, bu esa uning oʻz salohiyatidan muvaffaqiyatli foydalanilayotgani va xorijiy kompaniyalarni jalb qilish imkoniyatlari doimiy ravishda kengayib borayotganini tasdiqlaydi.
Masalan, 2023-yilning 9 oyida IT Park rezidentlarining eksport hajmi $238,7 millionni tashkil etdi va oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 3 barobar oshdi. Taqqoslash uchun, oʻtgan yilgi koʻrsatkich $89,2 millionni tashkil qilgan edi.
Eksportning 43 foizi Shimoliy Amerikaga, 37 foizi YI va Buyuk Britaniyaga, 4 foizi MENA (Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika) mamlakatlariga toʻgʻri keladi, qolgan 16 foizi esa boshqa mamlakatlar oʻrtasida taqsimlanadi.
IT Park rezident kompaniyalari tomonidan koʻrsatilgan xizmatlarning umumiy hajmi 8,5 trillion soʻmga yetdi. Buni oʻtgan yilning shu davrida 3,8 trillion soʻmni tashkil etgan xizmatlar hajmi bilan solishtiradigan boʻlsak, 2,2 barobar oʻsishni koʻrish mumkin.
Shuningdek, taqdim etilgan imtiyozlar tufayli IT Park rezidentlari qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratayotganini ham qayd etamiz. 2023-yil 3-chorak yakuniga bo'yicha rezident kompaniyalarda 4 926 kishi ish bilan ta'minlandi, bu 2022 yil yakuniga nisbatan 27 foizga ko'pdir. Ish bilan taʼminlangan mutaxassislarning umumiy soni 22926 nafardan ortiq.
2023-yilning 9 oyi yakunlariga koʻra, IT Park rezidentlarining umumiy soni 1470 ta kompaniyani tashkil etadi: ularning 431 tasi Oʻzbekiston hududlarida, 1039 tasi esa Toshkent shahrida roʻyxatga olingan. 305 ta rezident taʼlim kompaniyalari boʻlib, xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar soni esa 244 tani tashkil etdi. Eksportga yoʻnaltirilgan IT Park rezident kompaniyalari soni sezilarli darajada oshdi va 2023-yilning dastlabki 9 oyida 520 taga yetdi (shundan 316 tasi IT-xizmatlari va 204 tasi BPO-xizmatlari). Bu oʻtgan yilga nisbatan 1,8 barobar koʻpdir.
Hisobot davrida 634 ta kompaniya IT Park rezidenti maqomini oldi, 247 ta kompaniyaga esa ushbu maqomni berish rad etildi. Shu bilan birga, ushbu davrda 236 ta kompaniya rezident maqomidan mahrum etildi: ulardan 150 tasi oʻz majburiyatlarini bajarmaganligi uchun va 86 tasi ruxsat etilmagan faoliyatni amalga oshirgani uchun.
2023-11-03