“Offshore Outsourcing Tour 2024” tadbiri doirasida IT Parkʼning Toshkent viloyati filiali direktori Sarvar Pirnazarov boshchiligidagi delegatsiya Koreya, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, BAA va boshqa mamlakatlarning IT-kompaniyalari vakillari bilan bir qator muzokaralar oʻtkazdi.
Unga ko‘ra Xitoyning “CJ Technology” kompaniyasi direktori Chjuan Chjiyan (Zhuang Zhiyan) bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida kompaniyaning Toshkent viloyatida filialini ochish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Kompaniya 2024-yil oxiriga qadar Oʻzbekistonda 50 dan ortiq ish oʻrni yaratishi va jahon bozoriga autsorsing xizmatlarini taqdim etishi kutilmoqda.
Ma'lumot uchun, “CJ Technology” — 2005-yilda tashkil etilgan IT-konsalting kompaniya boʻlib, oʻrta korxonalar va yirik korporatsiyalarga ularning tizimlari va infratuzilmasining uzluksiz ishlashini taʼminlashga qaratilgan yechimlarni taqdim etadi.
Shuningdek, Hindistonning “Talrop” kompaniyasi direktori Jons Jozef (Jones Joseph) bilan ham muzokaralar oʻtkazildi va natijaga ko‘ra ular Toshkent viloyatida oʻz kompaniyasining filialini ochish istagini bildirdi.
Ta'kidlash joizki, “Talrop” — 2015-yilda tashkil etilgan va bosh ofisi Hindistonning Kochin shahrida joylashgan texnologik kompaniya hisoblanadi. U infratuzilma, innovatsiyalar va isteʼdodlar yordamida turli sohalar uchun har xil turdagi gibrid ekotizimlarni yaratishga ixtisoslashgan. Kompaniya kuchli ekotizim yaratishni maqsad qilgan holda taʼlim, texnologiya, ish oʻrinlari yaratish va tadbirkorlik sohalaridagi tashabbuslarni faol qoʻllab-quvvatlaydi. Oʻzbekistonda “Talrop” kompaniyasi asosiy eʼtiborni yosh IT-mutaxassislarni tayyorlashga qaratadi, bu esa yoshlarimizga yuqori maosh evaziga jahon bozorida IT-xizmatlarni taqdim etish imkonini beradi.
Ma'lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Oʻzbekiston-2030” strategiyasiga muvofiq yoshlar oʻrtasida IT sohasini yanada ommalashtirish va mazkur sohada xizmatlar eksportini oshirish maqsadida 300 ming nafar yoshlarni ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan.
Oʻzbekistonda xorijiy IT-kompaniyalar vakolatxonalarining ochilishi yangi ish oʻrinlari yaratish va mamlakatga xorijiy sarmoyalarni jalb etishga, shu tariqa Oʻzbekistonning iqtisodiy taraqqiyoti va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
2024-04-02