IT Park Uzbekistan startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktori Elyor Maksudov “Xpence” kompaniyasi bosh direktori Saad Ansari va hammuassisi Zayn Ansari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar kompaniyaning O‘zbekistonda ofisini ochish, mahalliy mutaxassislarni ishga yollash va mahalliy bank bilan hamkorlik qilish istiqbollarini muhokama qildilar.
“Xpence” — Saudiya Arabistonining eng tez rivojlanayotgan fintech kompaniyalaridan biri. “Xpence” yechimlari frilanserlar, startaplar, kichik va o‘rta biznes hamda korporativ mijozlarga mo‘ljallangan bo‘lib, jismoniy va virtual Visa kartalarini aqlli moliyaviy vositalar bilan integratsiyalashni taklif etadi. Asosiy funksiyalar orasida avtomatlashtirilgan buxgalteriya hisobi, real vaqt rejimida xarajatlarni kuzatish, hisob-kitoblarni taqdim etish va kengaytirilgan nazorat mexanizmlari mavjud.
Uchrashuv davomida tomonlar potensial hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini, jumladan, O‘zbekistonda “Xpence” rasmiy ofisini ochish, mahalliy mutaxassislarni jalb qilish, IT Park rezidenti maqomini olish, shuningdek, mahalliy bank bilan hamkorlikni boshlash masalalarini muhokama qildilar. Investitsiya muhiti va O‘zbekiston bozorida fintech xizmatlarini kengaytirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
“Xpence” delegatsiyasi xalqaro biznes uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi va qisqa vaqt ichida hamkorlikni boshlashga tayyorligini bildirdi. Yaqin kelajakda IT Park Uzbekistan va “Xpence” o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanishi kutilmoqda, bu esa mamlakatning fintech ekotizimini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab beradi.
IT Park O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar yaratib, ilg‘or xalqaro startaplarni jalb qilishni davom ettirmoqda. “Xpence” bilan bo‘lajak hamkorlik xorijiy kompaniyalarning mahalliy bozorga qiziqishi ortib borayotganini tasdiqlaydi va mamlakatning mintaqaviy fintech markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.
2025-06-10