Yangi eksportchi kompaniya faoliyati bilan tanishildi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida u yerda faoliyat yuritayotgan yangi eksportchi rezidentlardan biri Malayziyaning Canaan CX kompaniyasi ish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida kompaniya rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, xizmat ko‘rsatish modellari va kelgusi yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Unda kompaniyaning xalqaro bozordagi o‘rni, mijozlarga xizmat ko‘rsatish standartlari hamda yangi bozorlarga kirish rejalari haqida ma’lumot berildi.

Vazir kompaniya faoliyatini yanada kengaytirish, xizmatlar eksportini oshirish hamda mahalliy yoshlar uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha bir nechta amaliy tavsiyalar berdi. Xususan, kadrlar salohiyatini oshirish, zamonaviy ko‘nikmalarni joriy qilish va xalqaro talablar asosida xizmat sifatini yanada kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun, Canaan CX kompaniyasi mijozlarni qo‘llab-quvvatlash, e-commerce, telekommunikatsiya va bank-moliya sektori yo‘nalishlarida Yevropa va AQShdagi mijozlarga xizmat ko‘rsatadi. Kompaniya xalqaro standartlarga mos “customer support”, texnik yordam va biznes jarayonlarini optimallashtirish xizmatlarini ko‘rsatib, O‘zbekistonning raqamli xizmatlar eksporti hajmini oshirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

2025-12-05