Yaponiya elchisi bilan kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muhtor Elchisi Xirata Kenji bilan uchrashib, ikki davlat o‘rtasida raqamli texnologiyalar, telekommunikatsiya, ta’lim, sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda vazir mamlakatimizda chet tillarini o‘rganishni ommalashtirishdagi ahamiyati haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, yapon tiliga bo‘lgan talab ortib borayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan, Yaponiyadan volontyorlar va kompaniyalarni O‘zbekistonning aholi tez o‘sayotgan va olis hududlariga jalb qilish masalalari muhokama etildi. 

Vazir IT Park tomonidan yapon kompaniyalariga qulay shart-sharoitlar yaratilayotganini qayd etdi. Xususan, yurtimizning olis hududlarida biznes yuritish xarajatlari pastligi, bu esa uzoq muddatli hamkorlik uchun katta imkoniyatlar yaratishi qayd etildi. Mahalliy hokimiyatlar ham yoshlarni o‘z hududida band qilish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda data-markazlar qurish, telekom infratuzilmasini modernizatsiya qilish, internet tezligi va barqarorligini oshirish, shuningdek, sun’iy intellekt xizmatlarini eksport qilish masalalari ham muhokama qilindi. Yaponiyada va Yevropada energiya va data-markaz xarajatlari yuqoriligi kompaniyalarni O‘zbekistondagi infratuzilmadan foydalanishga qiziqtirishi mumkinligi qo‘shimcha qilindi.

Shuningdek, delegatsiya tashrif davomida UZINFOCOM – yagona integrator faoliyati bilan tanishdi. Kompaniyaning amalga oshirayotgan loyihalari taqdim etildi. Shu bilan birga, delegatsiyaga UzSoc’ning asosiy yo‘nalishlari va imkoniyatlari haqida ham ma’lumot berildi.

Elchi Xirata Kenji C5+Yaponiya sammiti arafasida ushbu uchrashuvning o‘ta muhim ekanini ta’kidlab, tashrifni samarali tashkil etish maqsadida vazirlik tomonidan olib borilayotgan tayyorgarlik ishlarini yuqori baholadi.

Elchi o‘z nutqida Yaponiya kompaniyalarining ham O‘zbekistonga qiziqishi izchil ortib borayotganini ta’kidladi hamda ularni yurtimizga jalb qilish bo‘yicha Elchixona imkoniyatlari doirasida takliflar bildirishini qo‘shimcha qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar raqamli texnologiyalar, telekommunikatsiya, sun’iy intellekt, ta’lim va innovatsiyalar sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanini bildirdi.

2025-12-13