Yoola Markaziy Osiyodagi faoliyatini kengaytirish va ijodkorlar monetizatsiyasini qo‘llab-quvvatlashni ko‘rib chiqmoqda

IT Park Uzbekistan vakillari “Yoola” xalqaro kompaniyasi bosh direktori Yuriy Smagarinskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini, jumladan, O‘zbekistonda YouTube’dan daromad olish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish, mamlakatda kompaniya vakolatxonasini ochish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish va yangi IT-yechimlarni yaratish masalalarini muhokama qildilar.

Yoola — YouTube’ning global ko‘p kanalli tarmog‘i (MCN) va rasmiy hamkori bo‘lib, bozorda o‘zini ishonchli va tajribali o‘yinchi sifatida ko‘rsatgan. Kompaniya kontent yaratuvchilari uchun to‘laqonli ekotizim sifatida faoliyat yuritadi va hozirda O‘zbekistondagi barcha ijodkorlarning qariyb 60 foiziga daromad olish imkoniyatini ta’minlaydi. “Yoola” butun dunyo bo‘ylab minglab mualliflar va media kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi, kontentni targ‘ib qilish, monetizatsiya va mahalliylashtirish texnologiyalarini rivojlantiradi. Shuningdek, u kontentni aniq mamlakatlar bo‘yicha yo‘lga yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu mahalliy bozor uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Muzokaralarning asosiy mavzusi O‘zbekistonda YouTube’ning rasmiy monetizatsiyasini yo‘lga qo‘yish istiqbollari bo‘ldi. Ushbu funksiya hozircha mahalliy mualliflar uchun mavjud emasligi sababli, tomonlar bu masalani ilgari surish uchun platformaning asosiy vakillari bilan birgalikda ishlashga kelishib oldilar. Mazkur tashabbusning amalga oshirilishi o‘zbek ijodkorlari uchun yangi daromad manbalarini taqdim etadi va sohani rivojlantirish uchun muhim turtki bo‘ladi.

Ta’lim tashabbuslari va mahalliy mualliflar hamjamiyatini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. IT Park va “Yoola” ijodkorlar malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar, o‘quv tadbirlari, shuningdek, sohani rivojlantirishga kreativ agentliklarni kengroq jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu professional muhitni shakllantirish va yangi muvaffaqiyatли loyihalarning paydo bo‘lishi uchun sharoit yaratadi.

Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonda “Yoola” ofisini ochish va IT Park Uzbekistan rezidenti maqomini olish rejalarini muhokama qildilar. Bu kompaniyaga mintaqada uzoq muddatli faoliyat yuritish, soliq imtiyozlari va texnoparkning qo‘llab-quvvatlashidan foydalanish, shuningdek, zamonaviy IT-yechimlarni, jumladan sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda faolroq ishtirok etish imkonini beradi.

“Yoola” bilan hamkorlik mahalliy raqamli bozorni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi: ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash kuchayadi, kontent eksporti kengayadi, yangi daromad olish mexanizmlari va IT-mahsulotlar paydo bo‘ladi. IT Park Uzbekistan uchun bu xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va O‘zbekistonni mintaqadagi raqobatbardosh raqamli markazga aylantirishni tezlashtirish imkonini beradi.

2025-12-04