IT-Park va UzAuto startaplar uchun tanlov eʼlon qiladi! Arizalarni qabul qilishning oxirgi muddati – 27 oktyabr!
IT-Park “Oʻzavtosanoat” AJ bilan birgalikda, UzAuto Market innovatsion platformasida, uchta yoʻnalish: IT, E-Auto va Smart City boʻyicha startap-loyihalar tanlovini oʻtkazishini eʼlon qiladi!
Tanlovning mukofot jamgʻarmasi 60 million soʻmni tashkil etadi, shundan birinchi oʻrin sohibi 30 million soʻm, ikkinchi oʻrin sohibi 20 million soʻm va uchinchi oʻrin sohibi 10 million soʻm bilan taqdirlanadi. Tanlov shartlariga koʻra, gʻoliblar pul yutuqlarini, tashkilotchilar oldida hech qanday majburiyatlarsiz, oʻz ixtiyoricha sarflashlari mumkin.
Arizalarni tanlab olishga qoʻyiladigan asosiy talablar quyidagilardan iborat: loyihaning tez amalga tadbiq etilishga mosligi va dasturning tijorat maqsadlariga muvofiqligi. Loyihalarning asosiy maqsadi: xarajatlarni kamaytirish, jarayonlarni muvofiqlashtirish va sotish hajmini oshirish. Shuningdek, biznes rejada oʻz gʻoyangizni samaradorlikning kutilayotgan koʻrsatkichlari bilan keltirishingiz kerak.
Ariza berish uchun siz elektron shaklni toʻldirishingiz va maxsus shakl yordamida gʻoyangizni yuborishingiz kerak. Ariza shaklida oʻz loyihasining tayyor namunasini taqdim etadigan tanlov ishtirokchilariga koʻproq eʼtibor qaratiladi.
Arizalar orasidan 20 ta eng yaxshi startap-loyihalar tanlab olinadi va ularning mualliflari bu loyihalarni joriy yilning 31-oktyabr kuni quyidagi manzil boʻyicha UzAuto Market innovatsion startap platformasi hududida taqdim etishlari mumkin: Toshkent shahri, Bektemir tumani, Husayn Boyqaro koʻchasi 28a.
Arizalar 27-oktyabr, soat 24:00 gacha qabul qilinadi: https://docs.google.com/forms/d/e/1FAIpQLSf0n1pA7CFDkrOKfJWh7Po2jCf_AKKHCmQHxxdMPVrrUUIMEg/viewform
Eslatib oʻtamiz, zamonaviy talablarga toʻliq javob beradigan UzAuto Market startap-maydonchasi – bu Oʻzbekistondagi birinchi oʻziga xos loyiha boʻlib, u yoshlarga avtomobilsozlik uchun yangi mahsulotlar ishlab chiqarishda oʻz gʻoyalarini amalga oshirishga imkon beradi. Ushbu maydoncha bugungi kunda mamlakatimizdagi va xorijdagi yoshlarni birlashtirib, gʻoyadan biznesga mustaqil va boshqalarning sarmoyasisiz oʻtishlari qiyin boʻlgan ixtirochilarga yordam beradi. Startap platforma – bu loyihani ishlab chiquvchi mutaxassislar, ishlab chiqaruvchi zavodlar va xaridorlar oʻrtasida bevosita oʻzaro aloqa asosida amalga oshiriladigan hamkorlikning yangi shaklidir.