Texnopark rezidenti maqomini olish uchun qoʻyiladigan talablar
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi kerak;
  • Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 iyuldagi 589-son qarori bilan tasdiqlangan “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 2-ilovasidagi faoliyat turini (turlarini) amalga oshirishi lozim;
  • Nizomning 2-ilovasidagi faoliyat turi (turlari) bo‘yicha iqtisodiy asoslangan biznes-rejaga ega bo‘lish kerak.
Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlari tomonidan amalga oshirishga ruxsat etilgan faoliyat turlari ro‘yxati

1. Har qanday platformalar uchun dasturiy ta’minotni, shu jumladan kompyuter o‘yinlarini ishlab chiqish, loyihalash hamda ularni sotish (shu jumladan, dasturiy ta’minotdan foydalanishga ruxsat berish, dasturiy ta’minotning mutlaq huquqini berish (taqdim etish).

2. Dasturiy ta’minotni joriy etish yoki joriy etishda alohida bosqichlarni amalga oshirish, qo‘llab-quvvatlash, xizmat ko‘rsatish, shu jumladan, ushbu dasturiy ta’minot bilan ishlash (malaka oshirish)ni o‘rgatish xizmatlari.

3. Dasturiy mahsulotni takomillashtirish hamda modifikatsiya qilish.

4. Axborot tizimlari va dasturiy ta’minotni ishlab chiqish jarayonida ma’lumotlar bazalarini yaratish, ushbu ma’lumotlar bazalari uchun yozuvlarni belgilangan formatda tayyorlash hamda ularga kirishni ta’minlash, qo‘llab-quvvatlash va xizmat ko‘rsatish.

5. Dasturiy ta’minotdan foydalangan holda ma’lumotlarni qayta ishlash faoliyati.

6. O‘z dasturiy ta’minotida reklama uchun joy taqdim etish yoki dasturiy ta’minotning xususiyatlaridan foydalangan holda boshqa qo‘shimcha daromad olish.

7. Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini ishlab chiqish va joriy etish.

8. Yuridik shaxslarning axborot ehtiyojlarini tahlil qilish (tizimli tahlil, biznes-tahlil) hamda biznes-jarayonlarni innovatsiya (reinjiniring) qilish maqsadida axborot tizimlari va dasturiy ta’minotni joriy qilish uchun texnik talablarni ishlab chiqish hamda axborot texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha maslahat berish.

9. Axborot tizimlari va dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, joriy qilish va ularni foydalanishga topshirish jarayonida foydalanuvchilarning axborot ehtiyojlari va texnik talablariga muvofiqligini audit qilish.

10. Texnopark rezidenti tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy ta’minotda uchinchi shaxs so‘roviga binoan ma’lumotlarni qidirish, tanlash, qayta ishlash va saralash hamda ularga axborot taqdim etish bo‘yicha avtomatlashtirilgan xizmat ko‘rsatish..

11. Dasturiy ta’minotdan (dasturiy-apparat vositalaridan) foydalangan holda O‘zbekiston Respublikasi norezidentlariga yordamchi ishlab chiqarish, ma’muriy va biznes jarayonlarni boshqarish (amalga oshirish) bo‘yicha xizmat ko‘rsatish (biznes-jarayonlarni autsorsing qilish).

12. Texnopark rezidenti tomonidan ishlab chiqilgan materiallar, texnologiyalar, mikro-, opto- va nanoelektronika, mikroelektrotexnika tizimlari hamda ular bilan mos keluvchi dasturiy ta’minotni sotish.

13. Ma’lumotlarni uzatish tizimlari, texnologiyalar, qurilmalar va radiolokatsiya tizimlari, radionavigatsiya, radioaloqa, radioboshqaruv, radiochastota identifikatsiya uskunalarini ishlab chiqish (tadqiqot o‘tkazish, loyihalash (qurish), test qilish hamda texnik sinovdan o‘tkazish) va bunday ishlanmalar natijalarini ishlab chiqarish yoki ushbu xizmatlarni ko‘rsatmasdan turib o‘zlashtirilgan holda sotish xizmatlari.

14. Yuqori texnologiyali qurilmalar va tizimlar, dasturiy-apparat vositalari va ular bilan mos keluvchi dasturiy ta’minotni (sanoat xarakteriga bog‘liq bo‘lmagan holda) ishlab chiqish yoki ishlab chiqarishning alohida bosqichlari (tadqiqot o‘tkazish, loyihalash, prototiplash, sinovdan o‘tkazish) hamda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish va (yoki) ishlab chiqarish natijalarini o‘zlashtirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish yoki xizmat ko‘rsatmasdan sotish.

15. Axborotni texnik va (yoki) kriptografik, shu jumladan, elektron raqamli imzodan foydalanish orqali himoya qilish faoliyati.

16. Bir-biri va tashqi muhit bilan o‘zaro muloqot qilish uchun o‘rnatilgan texnologiyalar bilan jihozlangan jismoniy obyektlarning hisoblash-kommunikatsiya tarmog‘i konsepsiyasini ishlab chiqish, joriy qilish va sotish bilan bog‘liq bo‘lgan tadbirlar.

17. Texnopark direksiyasi tomonidan tasdiqlangan dasturga muvofiq, axborot texnologiyalari sohasida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali ta’lim berish faoliyati.

18. Internet jahon axborot tarmog‘i orqali axborot xizmatlarini eksport qilish.

19. Multimedia va dizayn sohasida (veb-dizayn, grafika dizayni, kompyuter oyinlari dizayni, vektor grafikasi, 3D-grafika, vizuallashtiruvchi dizayn, interfeys dizayni, texnik dizayn, moushn-dizayn) xizmat ko‘rsatish.

20. Dasturiy ta’minotdan foydalangan holda multiplikatsiya mahsulotlarini ishlab chiqarish.

21. Axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalarni venchur moliyalashtirish hamda akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish faoliyati.

22. Kibersport sohasida xizmat ko‘rsatish.

Izoh. Faoliyat turlari bo‘yicha tasniflash hamda ularga tushuntirishlar berish Direksiyaning ekspert kengashi tomonidan amalga oshiriladi.