1 mlndan ziyod aholi bepul IT-taʼlim olishi mumkin boʻladi

25-oktabr kuni IT-Education forumi doirasida Ozbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligi, IT Park va Coursera Inc bilan uchrashuv bolib otdi.

Uchrashuvda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vaziri Sherzod Shermatov, IT Park Uzbekistan direktori Farhod Ibragimov, IT Park raqamli talim boyicha direktor orinbosari Abdulahad Kuchkarov, hamda, Coursera Markaziy Osiyoda biznesni rivojlantirish boyicha direktori Eduard Kan ishtirok etdilar.

Tomonlar IT-ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Jumladan, memorandum imzolash boʻyicha kelishuvga erishildi, unga koʻra 2023-yildan boshlab 1,2 million oʻgʻil-qiz ITning 3 ta asosiy yoʻnalishi (frontend, Python course, IT-English) boʻyicha  Coursera taʼlim platformasida onlayn kurslarda qatnashishi mumkin boʻladi.

Shu tariqa, milliondan ortiq o‘zbekistonliklar Coursera’dan bepul onlayn ta’lim olish, zamonaviy bilim va sertifikatlar olish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Taʼkidlash joizki, Coursera xalqaro ochiq onlayn taʼlim platformasi boʻlib, u bir qator kognitiv va taʼlim dasturlarini, jumladan, interfaol loyihalar va oʻzaro sharhlar, kurslar, mutaxassisliklar, dastur sertifikatlarini taklif etadi, shuningdek, Illinoys, Duke, Google, IBM, Stenford, Imperial College London va boshqalar kabi yetakchi kompaniyalar va universitetlar bilan hamkorlik qiladi.

2022-10-25