Oʻzbekiston xalqaro bozorda IT-hab sifatida oʻz mavqeyini mustahkamlashda davom etmoqda. Bunga xorijiy kompaniyalarning respublika IT-sohasiga qiziqishi ortib borayotgani, shuningdek, mahalliy kompaniyalar mahsulotlari va xizmatlarining chet elga eksporti jadal oʻsishi dalil boʻlmoqda.
2024-yil oktyabr-noyabr oylarida 112 ta eksportga yoʻnaltirilgan kompaniya IT Park rezidenti maqomini oldi. Ularning 59 tasi AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, BAA, Yaponiya, Xitoy, Turkiya, Shveytsariya, Malayziya, Portugaliya, Niderlandiya va Polsha kabi davlatlarning sarmoyasi ishtirokidagi kompaniyalardir.
Yangi 112 ta rezident-eksportyorning 48 tasi autsorsing xizmatlarini koʻrsatadi, 41 tasi IT-xizmatlarini taqdim etadi (buyurtma asosida dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish, texnik qoʻllab-quvvatlash, takomillashtirish va oʻzgartirish); 19 tasi IT-mahsulotlarni sotadi, 4 tasi esa kreativ industriya va GameDev sohasida faoliyat yuritadi.
112 ta yangi eksportga yoʻnaltirilgan kompaniya faoliyatining birinchi yilida 2500 dan ortiq ish oʻrni yaratishni rejalashtirmoqda, jumladan hududlarda ham.
Oʻzbekistonning IT sohasiga Yevropa va Osiyo mamlakatlarining, xususan Yaponiya, Xitoy, Koreya, Portugaliya, Vengriya, Shveytsariya va Malayziyaning qiziqishi ortib borayotganini taʼkidlash lozim. Bu mintaqalardan tobora koʻproq kompaniyalar IT-sohasiga sarmoya kiritish va oʻz asosiy jarayonlarini autsorsingga topshirish maqsadida bozorimizga kirmoqda. Bu esa mamlakat eksportini koʻpaytirish va fuqarolarimizni ish bilan taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Masalan, Portugaliya-Vengriya “KARAMi” kompaniyasi allaqachon oʻzbekistonlik mutaxassislarni ishga qabul qilgan va faoliyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya xorijiy mamlakatlar uchun moliyaviy rejalashtirish va investitsiya loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi.
“BEUKITCH EV” — Malayziyaning buyurtma asosida dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchi kompaniyasi. U birinchi navbatda AQSH va Malayziya uchun autsorsing xizmatlarini taqdim etadi.
Shveysariyaning IT-konsalting va axborotlashtirish obyektlari axborot xavfsizligini audit qilish xizmatlarini koʻrsatuvchi “INVERSON OPERATIONS” kompaniyasi Oʻzbekistonda oʻz ofisini ochdi. Kompaniya AQSH va Shveysariya bozorlariga autsorsing xizmatlarini taqdim etishni rejalashtirmoqda va ingliz tilini biladigan mahalliy mutaxassislarni faol jalb qilmoqda.
Malayziyaning “GET-ACADEMY” kompaniyasi Oʻzbekistonda ish boshladi. Kompaniya mijozlarni qoʻllab-quvvatlash, maʼlumotlarni qayta ishlash va xodimlarni boshqarish boʻyicha autsorsing xizmatlarini, shu jumladan texnik yordam va ish haqi hisob-kitobini yuritish xizmatlarini taklif etadi.
Kanadaning “UNLOCKWARE IT SERVICES” kompaniyasi Oʻzbekistonda oʻz ofisini ochdi. Kompaniya Qatar, Saudiya Arabistoni, Kanada va AQShga xizmatlarini eksport qilishni rejalashtirmoqda.
Yaponiyaning “FUJIYAMA LOGISTICS” kompaniyasi yapon tilini biladigan mahalliy mutaxassislarni yollashni boshladi. Kompaniya tovarlar yetkazib berish zanjirlarini kuzatish uchun moʻljallangan “Inventory Management System” dasturiy taʼminotini sotadi.
Taqdim etilgan biznes-rejalarga koʻra, faoliyatning birinchi yilida jami rejalashtirilgan eksport hajmi 70 million dollardan oshadi. Eksport bozorlari qatoriga AQSH, Kanada, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Singapur, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar kiradi.
Bu esa oʻz navbatida aholi farovonligini oshirish va mahalliy mutaxassislarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, ularning jahon bozorida raqobatbardoshligini kuchaytirish imkonini beradi.
2024-12-14