AKT vaziri dasturlash boʻyicha xalqaro musobaqa sovrindorlari bilan uchrashdi

28-dekabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov dasturlash boʻyicha NEERC (ICPC – International Collegiate Programming Contest yarim finali) xalqaro musobaqasining finalida ishtirok etgan jamoalar va murabbiylar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda IT Park direktorining raqamli ta’limni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Maxliyo Muhsinova, TATU rektori Baxtiyor Mahkamov, jamoa treneri va TATU doktoranti Sunatillo Xojiyev, MDU Toshkent filiali direktori o‘rinbosari Tolib Karshiyev, Amaliy matematika va informatika fakulteti treneri va dekani Shuhrat Sheraliyev ishtirok etdilar.

ICPC dunyodagi eng katta talabalar dasturlash chempionati hisoblanadi. Har yili 500 dan ortiq oliy o‘quv yurtlaridan 2000 nafardan ortiq talaba musobaqalarda o‘z kuchlarini sinab koʻrishadi.

6–7-dekabr kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida dasturlash bo‘yicha xalqaro musobaqaning NEERC (ICPC yarim finali) finali bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada Shimoliy Yevroosiyo mintaqasidan O‘zbekiston, Belarus, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa oliy o‘quv yurtlaridan jami 281 ta jamoa ishtirok etdi. Tanlovda O‘zbekistondan 16 ta jamoa qatnashdi, ulardan ikkitasi sertifikatlar bilan taqdirlandi:

1. “Awesome Team” jamoasi – M.V. Lomonosov nomidagi Moskva Davlat Universitetining Toshkent shahridagi filiali. Jamoa 5 ta vazifa ustida ishlab, 2-darajali diplom bilan taqdirlandi.

2. “Algo Experts” jamoasi – Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti. Jamoa 4 ta vazifa ustida ishlagani uchun 3-darajali diplom bilan taqdirlandi.

Musobaqa ishtirokchilari 12 ta vazifa yechishlari kerak edi, ulardan 1- va 2-o‘rinlarni egallagan Rossiya MFTI va OIM oliy o‘quv yurtlari jamoalari har biri 10 ta vazifa yechishdi.

Musobaqa natijalariga ko‘ra, 69 ta jamoa (4 ta vazifa yechigani uchun) 3-darajali, 27 ta jamoa (5-6 ta vazifa yechigani uchun) 2-darajali, 13 ta jamoa (7+ ta vazifa yechigani uchun) 1-darajali sertifikatlar bilan taqdirlandi.

Uchrashuv davomida AKT vaziri axborot texnologiyalari sohasida erishgan muvaffaqiyatlari hamda ICPC Global yarim finalida faxriy sertifikatlarni qo‘lga kiritgani uchun ishtirokchilar, mentor va OTMʼlar rektorlariga minnatdorchilik bildirdi. Uning taʼkidlashicha bunday yutuqlar O‘zbekistonga sezilarli darajada yangi bosqichga ko‘tarilishga yordam bermoqda va vazirlik tomonidan nafaqat Oliy o‘quv yurtlari, balki maktablarni ham qo‘llab-quvvatlashiga, kelajakda O‘zbekistonlik ishtirokchilar turli tanlovlarda yanada ko‘proq sovrinli o‘rinlarni egallashiga ishonch hosil qildi.

2022-12-28