17-avgust kuni “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi” doirasida Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vaziri Sherzod Shermatov va tadbirkorlar, xususan, IT Park IT-kompaniya-rezidentlari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Sherzod Xotamovich ta’kidlaganidek, davlatimiz rahbari ilk yillardanoq tadbirkorlar bilan muloqot qilish, ular bilan faol ishlash vazifasini qo‘ygan edi.
“2017-yilda biz IT-sohani rivojlantirish bo‘yicha bir qator takliflar kiritdik. Hozir oldimizda katta imkoniyatlar ochilmoqda. Masalan, 2017-yilda 600 ming dollarga yaqin eksport qilgan bo‘lsak, joriy yilda uni 100 million dollarga yetkazishni rejalashtirganmiz. Asosiy maqsadimiz – O‘zbekistonni mintaqaviy IT-xabga aylantirish”, — deya ta’kidladi Sherzod Shermatov.
Shu bilan birga, Vazirlik hamkor tashkilotlar bilan birgalikda xoʻjalik faoliyatida qoʻshimcha qulayliklar yaratish boʻyicha har qanday taklif va murojaatlarga doim ochiq.
Uchrashuvda rezident-kompaniyalar rahbarlari duch kelayotgan muammolarga to‘xtalib o‘tdilar. Bundan tashqari, AKT Vaziri kelgusida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning takliflari bilan tanishib chiqdi. Shunday qilib, kompaniyalardan biri rahbariyat va regulyatorlar (B2G) bilan IT-hamjamiyatining muntazam tematik uchrashuvlarini tashkil qilishni taklif qildi. Uchrashuvning yana bir ishtirokchisi bolalar uchun axborot texnologiyalari bo‘yicha videodarslarni o‘yin tarzda yaratish, ularni telekanallarda ko‘rsatish g‘oyasi haqida gapirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazadi, u yerda ishbilarmon doiralar vakillarining taklif va tashabbuslari bilan tanishadi.
2022-08-18