AKT vaziri Oʻzbekiston elchilari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi

2022-yilning 22-dekabr kuni IT Parkʼda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov va O‘zbekiston Respublikasining 40 dan ortiq Elchilari delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Tashrifning maqsadi – O‘zbekiston IT-bozori bilan tanishish, mamlakatning eksport salohiyatini birgalikda oshirish maqsadida hamkorlikning mumkin bo‘lgan mexanizmlarini muhokama qilish, shuningdek, yangi autsorsing bozori haqida butun dunyoda xabardorlikni oshirishdan iborat.

Tashrif davomida O‘zbekiston Elchilari IT Park Uzbekistan va O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyatlari, shuningdek, keyingi yillarga moʻljallangan vazifalar bilan tanishdilar.

Uchrashuvda bir qator rezident kompaniyalar rahbarlari, xususan, Astrum Academy bosh direktori Botir Arifjanov, Exadel Uzbekistan bosh direktori Yuliya Yakovleva, Revotech direktori o‘rinbosari Jasur Ruzmat va boshqalar ishtirok etdilar.

Uchrashuv ishtirokchilari IT-kompaniyalar va O‘zbekiston Respublikasi elchixonalari o‘rtasidagi hamkorlikning mumkin bo‘lgan mexanizmlarini muhokama qildilar. Muloqot davomida BPO yo‘nalishini rivojlantirish, IT Park Uzbekistan rezidentlari uchun IT-buyurtmalarni jalb qilish, shuningdek, BPO kompaniyalari uchun yaratilgan imkoniyatlar, ushbu yo‘nalishda ish o‘rinlarini ko‘paytirish va uning mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’siriga alohida e’tibor qaratildi.

AKT vaziri so‘nggi yillarda IT sohasida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, IT va BPO kompaniyalari uchun soliq imtiyozlari va preferensiyalari, shuningdek, respublikada IT-ta’lim va IT-infratuzilma sohasidagi loyihalar haqida so‘zlab berdi.

Shuningdek, u Oʻzbekistonni autsorsing boʻyicha navbatdagi manzil sifatida tanlashning ahamiyati haqida gapirib, eksportga yo‘naltirilgan qonunchilik, butun mamlakat bo‘ylab rivojlangan IT-infratuzilma, mavjud ishchi kuchi, shuningdek, xorijiy tillarini (ingliz, rus, arab, nemis va boshqa tillarni) biladigan yosh aholi kabi qator raqobatdosh ustunliklarni qayd etdi.

Shuningdek, mehmonlar IT Parkʼning IT-eksport hajmini oshirish va rezident IT-kompaniyalar sonini koʻpaytirish borasidagi erishgan salmoqli yutuqlari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Bir Million Oʻzbek Dasturchilari” IT-ta’lim bo‘yicha keng ko‘lamli onlayn-loyiha boʻlib, buning natijasida 2,5 million kishi fundamental IT-taʼlim olgani, shuningdek, ayollar va yoshlarni IT sohasiga qoʻllab-quvvatlash hamda jalb qilish boʻyicha loyihalar haqida maʼlumot olishdi.

Delegatsiya taqdimotining asosiy qismidan soʻng IT Park majmuasi boʻylab qisqacha ekskursiya uyushtirdi. Uchrashuv yakunida mehmonlar hamkorlikka va O‘zbekistonda AKT sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlarning ijobiy samarasiga hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.

2022-12-22