AKT vaziri Reface va Roosh Ventures investitsiya fondi rahbari bilan uchrashdi

20-iyun kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Nyu-Yorkda “Reface and Roosh Ventures” investitsion fondi rahbari Sergey Tokarev bilan uchrashdi. Yig‘ilishda xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov va IT Park direktori Farhod Ibragimov ham ishtirok etdi.

Kun tartibida axborot texnologiyalari va tibbiyot sohasidagi loyihalar muhokamasi bo‘ldi. Uchrashuvda Sherzod Shermatov O‘zbekiston bir qator jahon reytinglarida yuqori o‘rinlarni egallab turganini ta’kidladi. Uning qoʻshimcha qilishicha, mamlakat eng yirik mintaqaviy IT-xabga aylanishni maqsad qilgan va bunga erishish uchun barcha saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.

IT Park direktori xorijlik hamkasblariga O‘zbekistonda IT-kompaniyalar uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, xususan, relokatsiya dasturi va kompaniyalarning IT Park rezidenti sifatidagi imtiyozlari haqida haqida so‘zlab berdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar. Bundan tashqari, IT Park rahbari jamg‘arma vakillarini joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan “ICT WEEK” haftaligiga rasman taklif qildi.

Ma’lumot uchun: “Roosh Ventures” venchur fondi Sergey Tokarev va “Reface” asoschisi Denis Dmitrenko tomonidan 2021-yilda yaratilgan. U Yevropa va AQSh kompaniyalariga turli bosqichlarda, 50 000 dollardan “seed” bosqichida, 5 million dollargacha keyingi bosqichlarda sarmoya kiritadi. Asosiy yo‘nalishlar - fintech, Healthtech, consumer tech, o‘yinlar. “Roosh Ventures” portfeli Deel, Oura Ring, Facemoji, Playco kabi 20 dan ortiq kompaniyalarni o‘z ichiga oladi.

2022-06-22