2022-yilning 24-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov va “EPAM Systems” kompaniyasi asoschisi, prezidenti va direktorlar kengashi raisi Arkadiy Dobkin o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda, shuningdek, IT Park direktori Farhod Ibragimov, Belarus Respublikasidagi EPAM Systems kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Andrey Shubadyorov, EPAM Systems kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Renat Axtyamov va boshqalar ishtirok etdi.
Tomonlar O‘zbekistonda malakali IT-kadrlar tayyorlash va iste’dodlarni rivojlantirish, shuningdek, IT sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalarini muhokama qildilar.
Ta’kidlash joizki, Arkadiy Dobkin O‘zbekistonda yoshlarga sifatli ta’lim beradigan va axborot texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislar tayyorlaydigan onlayn-universitet ochishni tez orada amalga oshirishga kirishish istagini ma’lum qildi.
Sherzod Shermatov, o‘z navbatida, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda IT-Park ushbu universitetni ochish bo‘yicha EPAM Systems bilan hamkorlikni boshlashga va loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun har tomonlama ko’mak berishga tayyor ekanligini ta’kidladi.
Vazir Oʻzbekistonda xalqaro miqyosda tajribaga ega ishlab chiquvchilar yetishmayotganligiga to'xtalib o'tdi. Shu sababdan mavjud vaziyatni oʻzgartirish hamda ularning sonini koʻpaytirish maqsadida xorijiy davlatlardan mutaxassislarni mamlakatga jalb qilish rejalashtirilmoqda. Ular, oʻz navbatida, 3-5 yil mobaynida mahalliy ishlab chiquvchilarni zarur koʻnikmalar bilan ta'minlashi hamda o'zaro tajriba almashinilishi ko'zda tutilgan. Vazir, shuningdek, xorijiy mutaxassislarning O‘zbekistonda faoliyat olib borishi qulay bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini alohida ta’kidladi.
Xususan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xorijlik IT-mutaxassislarni ko‘chirish jarayoni uchun quyidagi qulayliklarni taqdim etadi:
- O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lish doirasida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish, IT-vizani rasmiylashtirish va taqdim etishda yordam ko‘rsatish;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lish doirasida ijaraga beriladigan uy-joy topish va taqdim etishda ko‘maklashish;
- oila a’zolarini (yaqin qarindoshlarini) ta’lim muassasalarida (bolalar bog‘chasi, maktab va boshqalar) joylashtirish;
- tarmoq va aloqa vositalari (mobil aloqa, Internet va boshqalar) bilan ta’minlash;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida turistik sayohatlarni tashkil etish.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda har yili o‘tkaziladigan AKT haftaligi doirasida EPAM Systems kompaniyasining yetakchi mutaxassislari uchun O‘zbekistonda ishlash uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishish maqsadida IT-turini o‘tkazish taklif etildi.
Natijada ikki tomon ham yuqoridagi barcha loyihalarni amalga oshirishga kirishishga kelishib oldilar.
Arkadiy Dobkin haqida
Arkadiy Dobkin -, raqamli yechimlar va platformalarning yetakchi global ishlab chiqaruvchisi hamda raqamli dizayn va mahsulotlar dizayniga yo‘nalgan yetakchi agentliklardan biri bo‘lmish EPAM Systems asoschisi, prezidenti va direktorlar kengashi raisi. Arkadiy Dobkin 1993-yilda kompaniyani tashkil etishdan oldin SAP, Prudential Insurance va Colgate-Palmolive kompaniyalarida bir qator boshqaruv va texnik lavozimlarda ishlagan.
Bugungi kunda EPAM Systems dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritadi va 50 000 dan ortiq mutaxassislarni birlashtiradi. Kompaniya kapitalizatsiyasi 28,1 milliard AQSH dollarini tashkil etadi.
Arkadiy Dobkin boshchiligida bir necha yillardan buyon EPAM Forbes jurnalining “Eng tez rivojlanayotgan 25 ta davlat texnologik kompaniyasi” hamda Fortune reytingida “Eng tez rivojlanayotgan 100 ta kompaniya” ro‘yxatidan IT xizmatlarini yetkazib beruvchi yetakchi kompaniya sifatida joy olgan. Arkadiy Dobkinning o‘zi 2020-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, "Belarusning 200 ta eng muvaffaqiyatli va nufuzli biznesmenlari" reytingida ikkinchi o‘rinni egalladi.
2022-01-24