13-noyabr kuni Germaniyaga amaliy tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, IT Park Uzbekistan direktori Farhod Ibragimov, shuningdek, IT Park rezidentlari hamda Germaniyaning Shtutgart shahrida IT sohasida ishlayotgan vatandoshlar oʻrtasida norasmiy uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv maqsadi – ularni loyihalarga jalb qilish va IT Park rezidentlari bilan hamkorlik qilish, shuningdek, mavjud muammolar, ularni hal qilish imkoniyatlari va Yevropa Ittifoqi bozorlari imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat. Shu tariqa, ochiq muloqot avvalida AKT vaziri Sherzod Xotamovich uchrashuv ishtirokchilari bilan Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi ishlarning bugungi holati yuzasidan fikr almashdi. U O‘zbekiston kompaniyalari uchun ushbu bozorda keng imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi.
Uchrashuvda IT Park rahbari Farhod Zairovich Yevropada IT Park rezidentlari manfaatlarini Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ifodalay oladigan, shuningdek, ularning xizmatlarini ilgari surish hamda IT va BPO sohasida buyurtmalarni jalb eta oladigan tashkilotga ega bo‘lish muhimligini ta’kidladi.
FZD Global GmbH asoschisi Fazliddin Ahmedov yig‘ilish ishtirokchilariga hozirgi kunda Germaniya bozorida ko‘plab buyurtmalar va loyihalar mavjudligini, biroq ularni amalga oshirishga tayyor IT-mutaxassislar yetarli emasligini, shu sababli O‘zbekiston kompaniyalari imkoniyatlarga toʻla yangi erkin bozorga ega ekanligini maʼlum qildi. IT Park rezidentlari bilan suhbatda u Germaniyada faoliyat yuritayotgan kompaniyalar haqida ham gapirdi va mijozlar tomonidan ijrochilarga qoʻyiladigan talablarini tushuntirib berdi.
Bundan tashqari, muloqot ishtirokchilari xalqaro maydonda dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari mutaxassislariga qo‘yilayotgan joriy talablar toʻgʻrisida fikr almashdilar.
Taʼkidlash joizki, Germaniya har yili IT sohasini rivojlantirish boʻyicha reytinglarda yaxshi oʻrin egallaydi. Misol uchun, 2021-yilda Raqamli raqobatbardoshlik reytingida (IMDʼdan) mamlakat 18-oʻrinda joylashgan. CB Insights ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi paytda Germaniyada kamida milliard dollarlik bozor bahosiga ega 25 ta startap mavjud va rasmiy ravishda ish bilan taʼminlangan IT-mutaxassislar soni 710 mingdan oshadi.
2022-11-14