Al Bayrak O‘zbekistonda IT-biznesni kengaytirish imkoniyatlari bilan tanishdi

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya va “Al Bayrak Group” vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik uchrashuvi doirasida IT-yechimlarni ishlab chiqish sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. Unda IT Park Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo’yicha direktori Mahliyo Muksinova ham ishtirok etdi.

1952-yilda Turkiyada asos solingan “Al Bayrak” xoldingi bugungi kunda 80 dan ortiq kompaniya va teleradio brendlarini o‘z ichiga oladi. U IT, qurilish va ko‘chmas mulk investitsiyalari, sanoat, logistika, media va boshqa 20 dan ortiq sohada xizmat ko‘rsatadi. “Al Bayrak” O‘zbekistonga 2019-yilda kirib kelgan bo‘lib, qurilish va iste’mol mollari, jumladan shakar ishlab chiqarish kabi asosiy tarmoqlarga e’tibor qaratgan.

Uchrashuvda “Al Bayrak” vakillari O‘zbekistondagi joriy loyihalarini muhokama qilib, faoliyatini kengaytirishga qiziqish bildirdilar. IT-xizmatlar (ITes) yo‘nalishini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. “Al Bayrak” vakillari IT-yechimlarni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun texnik jamoa tuzish rejalarini ma’lum qildilar.

O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “Al Bayrak” kompaniyasiga O‘zbekiston hududlarini IT-xizmatlarini ko‘rsatish uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rib chiqishni taklif etdi. Shu maqsadda u “Zero-Risk” dasturini taqdim etdi. Bu dastur biznes-jarayonlarni ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash sohasidagi malakali mutaxassislarni yollash jarayonini yengillashtirish hamda ofis binolarini taqdim etishga mo‘ljallangan.

Shuningdek, “Al Bayrak” hamkorlari — “Rosat” va “AIBil” IT-kompaniyalari — trafikni boshqarish, SAP va CRM tizimlari bo‘yicha o‘z ishlanmalarini namoyish etdilar. Bu yechimlar O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarning biznes jarayonlarini takomillashtirish va boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Turk kompaniyalari vakillari IT-sektor uchun yaratilgan imtiyozli sharoitlar va IT Parkning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi tufayli soddalashtirilgan ma’muriy tartiblar O‘zbekistonni xorijiy kompaniyalar uchun jozibador qilayotganini ta’kidladilar. “Al Bayrak” xoldingi O‘zbekiston bilan tanish — ilgari ular Namanganda loyiha amalga oshirgan. Endi “Al Bayrak” O‘zbekistonni IT-biznesni rivojlantirish uchun istiqbolli maydon sifatida ko‘rishga tayyor.

Uchrashuv yakunida korxonalarda trafikni boshqarish va ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirishga qaratilgan hamkorlikni kuchaytirish va yangi texnologik yechimlarni joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tomonlar O‘zbekiston va Turkiya madaniyatlari hamda qadriyatlari o‘rtasidagi tarixiy o‘xshashlik, shuningdek, mamlakatimiz aholisining ko‘p tilliligi ikki davlat texnologiya sektorlari o‘rtasidagi hamkorlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladilar. Aytish joizki, O‘zbekiston yoshlari xorijiy tillarni, jumladan turk tilini faol o‘rganmoqda.

“Al Bayrak” kompaniyasi bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun, ayniqsa qurilish, ishlab chiqarish va IT kabi sohalarda yangi imkoniyatlar ochmoqda. Taklif etilgan tashabbus va dasturlarning amalga oshirilishi mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi madaniy hamda iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

2024-11-05