Amerikaning Stock Investor nashri Oʻzbekiston IT bozorining xorijiy investorlar uchun jozibadorligi haqida yozdi

Amerikaning Stock Investor nashri Markaziy Osiyoda, xususan, Oʻzbekistonda IT sohasi jadal rivojlanayotgani haqida maqola chop etdi.

“Three Ways to Invest in Central Asiaʼs IT Boom” maqolasida taʼkidlanishicha, Markaziy Osiyoning beshta respublikasidan biri boʻlgan Oʻzbekiston axborot texnologiyalari sohasida global oʻyinchi boʻlish istagi bilan investorlarning eʼtiborini tortmoqda. Mintaqada, ayniqsa Qozogʻiston va Oʻzbekistondagi jadal iqtisodiy oʻsish IT sohasiga sarmoya kiritish istiqbollarini yaratmoqda. Jahon banki prognozlariga koʻra, mintaqaviy YaIM 2023-yil oxiriga kelib 4,8 foizga oʻsishi va keyingi ikki yil ichida oʻrtacha 4,7 foizda qolishi mumkin.

Maqolada qayd etilishicha, Oʻzbekistonda biznes uchun soliq imtiyozlari mavjud boʻlib, bu iqtisodiy rivojlanish uchun qulay muhit yaratadi. Bundan tashqari, mintaqa oltita asosiy sektor: sogʻliqni saqlash, taʼlim, qishloq xoʻjaligi, moliya, savdo va turizmga eʼtibor qaratgan holda raqamli bozor sifatida oʻz mavqeini mustahkamlashga intilmoqda.

Maqolada raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanish fonida AQSh fuqarolari uchun Markaziy Osiyo IT-sektoriga sarmoya kiritishning uchta usuli koʻrsatilgan.

Birinchi usul — IT Park rezidenti hisoblangan va Markaziy Osiyo bozorida oʻz ishtirokini kengaytirayotgan “EPAM Systems Inc.” kompaniyasi aksiyalariga sarmoya kiritish.

EPAM Systems Inc. — raqamli transformatsiya bilan shugʻullanuvchi va dasturiy taʼminot va muhandislik xizmatlarini taklif etuvchi xalqaro kompaniya. 1993-yilda tashkil etilganidan buyon dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritadi va innovatsion dasturiy yechimlarga ixtisoslashgan. Kompaniyaning bozor qiymati $15,875 milliardni tashkil etadi (2023-yil dekabr holatiga koʻra).

Ikkinchi usul — “TBC Bank Group” aksiyalariga sarmoya kiritish. Kompaniyaning bozor qiymati — $1,548 milliard. YeTTB va IFC bilan hamkorlik qilgan holda TBC Bank Oʻzbekiston bank bozoridagi ishtirokini kengaytirish va mamlakatni raqamlashtirishga oʻz hissasini qoʻshish maqsadida $28,1 million jalb qildi.

“TBC Bank” Oʻzbekiston IT-sektoriga katta miqdorda sarmoya kiritib, “PayMe” kompaniyasi aksiyalarining 51 foizini $5,5 millionga sotib oldi. Ushbu saʼy-harakatlar bankning mintaqadagi strategik kengayishini aks ettiradi.

Mintaqaga sarmoya kiritishning uchinchi usuli — Oʻzbekiston fond birjalariga kirish uchun brokerlik hisobini ochish. Toshkentdagi Oʻzbekiston tovar birjasi (UzEx) bu uchun asosiy platforma hisoblanadi.

AQSh investorlari xususiy kompaniyalar va davlatni xususiylashtirishga eʼtibor qaratgan holda aksiyalarning oʻsishidan yuqori daromad olishga yoʻnaltirilgan “AFC Uzbekistan Fund” jamgʻarmasidan foydalanishlari mumkin.

Maqolada taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston 10-20 yillik taraqqiyotning dastlabki bosqichida boʻlib, raqamlashtirish va texnologiyaning muhim markaziga aylanib bormoqda, bunga esa jadal demografik oʻsish, ingliz tiliga eʼtibor, IT-taʼlimining mavjudligi va rivojlanayotgan IT-autsorsing sohasi kabi omillar koʻmaklashadi.

Mamlakat xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilmoqda, hamkorlik aloqalarini oʻrnatmoqda va mahalliy va xalqaro fond birjalarida imkoniyatlar yaratmoqda.

2023-12-14