AQSH kompaniyasi O‘zbekistonda kengayishni rejalashtirmoqda

IT Park vakillari Oʻzbekistonda “Truss Global Tas” shoʻba korxonasiga ega boʻlgan Amerikaning “Lincoln Labs Inc” kompaniyasi hammuassisi bilan uchrashuv oʻtkazdi. Kompaniya Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini kengaytirishni va AQShdagi mijozlarga xizmat koʻrsatishda mahalliy ofisni ustuvor vazifaga aylantirishni rejalashtirmoqda. Juliya Kollinz oʻz tashrifi davomida Oʻzbekiston OTMlari va IT sohasiga ixtisoslashgan oʻquv markazlarida ham boʻldi.

“Truss Global Tas” — Oʻzbekistonda 2022-yili Amerikaning “Lincoln Labs Inc” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. Kompaniya Jizzax viloyatida roʻyxatdan oʻtgan va 2022-yildan beri IT Park Uzbekistan rezidenti hisoblanadi. Kompaniya butun dunyo boʻylab xalqaro kompaniyalarga kadrlarni izlash, ishga olish va boshqarish xizmatlarini koʻrsatadi va 4 mamlakatda vakolatxonalariga ega.

“Truss” kompaniyasi “Employer of Record” (EOR) modeli boʻyicha faoliyat yuritadi. “EOR” — bu tashqi kompaniya tomonidan koʻrsatiladigan xizmat boʻlib, u boshqa kompaniyada ishlaydigan xodimlar uchun rasmiy ish beruvchiga aylanadi. “EOR” hujjatlarni rasmiylashtirish, ish haqini hisoblash va toʻlash, soliqlar, imtiyozlar va mehnat qonunchiligiga rioya qilish kabi ishga joylashtirish boʻyicha barcha yuridik va maʼmuriy majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi. Bu oʻz navbatida bosh kompaniyaga asosiy biznes vazifalariga eʼtibor qaratish imkonini beradi.

Kompaniya hammuassisi Juliya Kollinz Oʻzbekistonga tashrif buyurib, IT Park vakillari bilan uchrashdi va ular unga xorijiy tillarni biladigan koʻplab yosh malakali kadrlar haqida batafsil maʼlumot berishdi. Juliya Kollinz, shuningdek, bir nechta oʻzbek universitetlariga tashrif buyurib, mahalliy talabalar va oʻqituvchilar bilan suhbatlashdi, oʻzbek mutaxassislarining tayyorgarligiga ishonch hosil qildi va ularning chet tillarini bilish darajasini sinovdan oʻtkazdi. Tashrif chogʻida Juliya Samarqand, Toshkent va Jizzax shaharlarida boʻldi.

“Truss Global Tas” kompaniyasi bilan kelgusidagi hamkorlik mahalliy IT-mutaxassislar uchun yirik xalqaro kompaniyalarga toʻgʻridan-toʻgʻri ishga joylashish imkoniyatini yaratib, Oʻzbekiston mehnat bozoriga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shu bilan birga, “Truss” kompaniyasining oʻzi xodimlar xavfsizligini taʼminlaydi. “Truss” kompaniyasi bilan hamkorlik, shuningdek, oʻzbek kompaniyalarining global bozordagi raqobatbardoshligini oshirib, ularning oʻsishi va rivojlanishiga hissa qoʻshgan holda Oʻzbekistonga jahon isteʼdodlari va ilgʻor texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatini ochib beradi.

 

2024-06-29